“Oʻzbekkosmos” agentligi dalalardagi noqonuniy yongʻinlarning kosmik suratlarni eʼlon qildi

    Shu yilning iyul oyiga qadar Respublikadagi jami 23 ming 273 gektarlik boshoqli don ekinlaridan boʻshagan yer maydonlarida somon poyalari va ularning qoldiqlari yoqib yuborilgan.

    “Oʻzbekkosmos” agentligi holat boʻyicha kosmosdan olingan suratlarni eʼlon qildi.

    Agentlik tomonidan olib borilgan kosmik monitoring natijalariga koʻra, somon poyalari va ularning qoldiqlari yonishi bilan bogʻliq 1 ming 960 ta holat aniqlangan.

    Bu boʻyicha chora koʻrish maqsadida qonunda belgilangan tartibda tegishli vakolatli organlarga maʼlumotlar yetkazilgan.

    Gʻalladan boʻshagan maydonlarda somon poyasi yoqilishiga yoʻl qoʻygan javobgar shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJTKning 88-moddasi 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravardan oʻn baravarigacha miqdorda jarima soliib, yerga va oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zararlar ham hisoblanib, tegishli tarzda undirib olinishi belgilangan.