“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirigʻi bilan bugungi kunda uglevodorod xomashyolarini qazib olish hajmini oshirish, neft va gaz sanoatini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va uni chuqur qayta ishlash, eksportga yoʻnaltirish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish maqsadida jadal islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu islohotlarni bajarishda boshqaruv uslublarini zamonaviylashtirish, tizimdagi prinsip va yondashuvlarni oʻzgartirishda kadrlar malakasini oshirish muhim talablardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda xodimlarning malakasi koʻp yillik tajribaga ega neft va gaz sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishgan xorijiy yirik kompaniyalarda oshirilishi tashkil etilmoqda.

“Oʻzbekneftgaz” AJ faoliyatiga yangilik olib kirish, ishni samarali tashkil qilishning ilgʻor uslublaridan foydalanishni jadallashtirish borasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida Rossiya Federatsiyasining “LUKOYL” kompaniyasi bilan 2021-2022-yillarga moʻljallangan yoʻl xaritasi tasdiqlangan.

shbu yoʻl xarita doirasida joriy yilda “Oʻzbekneftgaz” AJ va tasarrufidagi ishlab chiqarish korxonalarida mehnat qilayotgan 130 nafardan ziyod xodimlar “LUKOYL” kompaniyasining ishlab chiqarish korxonalarida stajirovka oʻtashi rejalashtirilgan.

Joriy yilning may oyida 18 nafar xodim “Gaz qazib chiqarishning zamonaviy usullari” yoʻnalishi boʻyicha “LUKOYL – Zapadnaya Sibir” MCHJda va “Yuqori texnologiyali quduqlarni loyihalashtirish va burgʻilash” yoʻnalishi boʻyicha “Yugranefteprom” MCHJda malaka oshirib qaytishdi.

Iyun oyida yana 4 ta yoʻnalish boʻyicha 40 nafar xodim ushbu kompaniyaga stajirovka uchun joʻnatiladi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati