“Oʻzbekneftgaz” Aj Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev Rovshan Najafga avvalo tashrifi uchun minnatdorchilik bildirdi hamda Jamiyat faoliyati bilan tanishtirdi.
Uchrashuv davomida neft-gaz sohasida istiqbolli hamkorlik va loyihalarni birgalikda amalga oshirish, oʻzaro hamkorlikning istiqbolli natijalari muhokama qilindi.
Dastlab tomonlar qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning bugungi holatini muhokama qildilar va ularni jadallashtirish mexanizmlarini koʻrib chiqdilar.
Xususan, imzolangan qoʻshma “Yoʻl xarita”lari va kelishuvlarning ijrosi jarayoniga eʼtibor qaratildi. Uchrashuvda tomonlar neft-gaz va kimyo sanoatida loyihalarni birgalikda amalga oshirish xususan, texnologiyalar va professional tajriba almashish imkoniyatlariga ham alohida toʻxtalib, loyihalarni birgalikda oʻrganish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishdilar.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi ilmiy tadqiqot va loyiha-qidiruv ishlanmalari boʻyicha dunyoning yetakchi tashkilotlaridan biri boʻlgan “NIPI Neftegaz SOCAR” ilmiy tadqiqot institutining xizmatlari va uzoq yillik muvaffaqiyatli faoliyatini, shuningdek, 1959-yilda Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini loyihalashda ishtirok etganini alohida taʼkidladi.
Shu bilan birga, “NIPI Neftegaz SOCAR” va “OʻzLITIneftgaz” oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etildi.
Ozarbayjon delegatsiyasi aʼzolari “Oʻzbekneftgaz” AJning Modellashtirish markazi va Markaziy ishlab chiqarish-dispetcherlik boshqarmasining yuqori darajada yoʻlga qoʻyilgan ishlari bilan tanishdilar.
Shuningdek, uchrashuv davomida “SOCAR” xodimlarini joylarga chiqib “Oʻzbekneftgaz” AJning gaz-kimyosi sohasidagi muvaffaqiyatli tajribasi bilan tanishtirish, va “SOCAR” kompaniyasi koʻmagida Oʻzbekiston Respublikasi neft-gaz va neft-gaz-kimyo mahsulotlari eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Yakunida tomonlar rahbarlari bir-birlariga doimiy qoʻllab-quvvatlash va kompaniyalar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratganliklari uchun minnatdorchilik bildirdilar.
Maʼlumot uchun: Ozarbayjon Respublikasining Davlat neft kompaniyasi (Ozarbayjon Respublikasining Davlat neft kompaniyasi, qisqartirilgan “SOCAR”) neft va gazni qazib olish, qayta ishlash, transportirovka qilish, neft va neft mahsulotlarini ichki va xalqaro bozorlarda sotish, neft va gaz quvurlarini qurish va ulardan foydalanish bilan shugʻullanadi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati