“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan ushbu jarayon bilan jamoatchilikni yaqindan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi. “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev hamrohligida jurnalist va blogerlar Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumani hududida joylashgan “Uzbekistan GTL” zavodida boʻlib, zavoddagi ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

Boshqaruv raisi mazkur voqea respublikaning zamonaviy neft-kimyo va neft-gazni qayta ishlash sanoati rivojida yangi texnologik bosqich hisoblanashi, ushbu kun Oʻzbekistonda ilk bor sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarishi yoʻlga qoʻyilganligiga ramziy maʼnoda tarixiy kuni hisoblanashini maʼlum qildi.

Jurnalistlar va blogerlar bilan zavod hududida Matbuot anjumani tashkil etildi. Qizgʻin muhokamalar ostida oʻtgan ushbu tadbirda Boshqaruv raisi jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berdi. Avvalo bu mahsulot xaridior ekanligi, nafaqat mahalliy korxonalar balki xorijiy yirik korxonalarning qiziqish bildirib, mahsulotga xaridor boʻlayotgani aytib oʻtildi.

Bundan tashqari, zavodda soʻnggi bosqich qurilish-montaj ishlari pandemiya davriga toʻgʻri kelgani, koronavirus pandemiyasi sabab xorijiy mutaxassislarning Oʻzbekistonga yetib kela olmagani, shu sabab mahalliy mutaxassislar mehnati bilan qurib bitkazilgani alohida taʼkidlandi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi 2022-yilning 29-iyun kuni soat 7.30 da “Uzbekistan GTL” zavodida Oʻzbekiston neft va gaz-kimyosi sanoatining tarixda birinchi sintetik GTL dizel mahsuloti ishlab chiqarilgani va ilk mahsulot olinganini, aynan oʻsha onlar Oʻzbekiston neft-gaz sanoati tarixi oʻziga xos yangilik boʻlganini bildirdi.

Erishilgan kelishuvlarga koʻra, 5 ming tonna miqdorida ishlab chiqarilgan sintetik dizelning birinchi partiyasi Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga yuborilishi maʼlum qilindi.

Boshqaruv raisi yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan GTL mahsulotlari birinchi navbatda, respublikaning neft mahsulotlariga, xususan, dizel yoqilgʻisi va kerosinga, shuningdek, suyultirilgan gazga boʻlgan ichki ehtiyojini qoplash uchun yetkazib berilishini, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifatli boʻlgani uchun eksport qilish imkoniyati ham mavjud ekanligini aytib oʻtdi. Boshqaruv raisi jurnalist va blogerlar orqali ushbu zavod qurilishida qatnashgan va hozirda mehnat qilayotgan barchaga oʻz minnatdorchiligini izhor qildi.

Bundan tashqari yana bir bor, zavodning umumiy maydoni 135 ga maydonni egallashi, zavodda 4 xil turdagi yoqilgʻilar ishlab chiqarilishi (aviakerosin, siqilgan gaz, dizel, nafta), “Uzbekistan GTL” dunyodagi eng yirik 5 ta zavodlardan biri hisoblanishi taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, zavodning tantanali ochilish marosimida Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini amalda bajarish maqsadida talabalar amaliyotni GTL zavodida oʻtashlari toʻla taʼminlanayotgani maʼlum qilindi.

Oʻz navbatida, “Uzbekistan GTL” zavodi ehtiyojlari uchun zarur boʻladigan mahsulotlar, butlovchi buyum, materiallar hamda sanoat xizmatlarini mahalliylashtirish, mahalliy korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasi aloqalarini oʻrnatish ishlari borasida ham maʼlumotlar berildi.

Eslatib oʻtamiz, zavodida yiliga 3,6 mlrd. metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, 1,5 mln tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqariladi. Jumladan, 307 ming tn aviakerosin, 724 ming tn dizel yoqilgʻisi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi, yiliga umumiy qiymati 1 milliard AQSH dollari yoki 12,8 trillion soʻmdan ortiq import oʻrnini bosuvchi neft mahsulotlari va uglevodorod xom ashyolarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati