Yangi “Oʻzbekona” darsligi ham anchadan beri dolzarb va yechimini kutayotgan masala, yaʼni oʻzbek tilini xorijiy til sifatida oʻqitishni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.

“Oʻzbekona” darsligi xorijiy tilni egallashning umumevropa kompetensiyalari tizimiga asosan A1 darajani egallash imkonini beruvchi darslik boʻlib, u 9 ta boʻlim, 3 ta nazorat bloki, audiolar va qoʻshimcha materiallar kabi qismlardan iborat.

Ushbu darslik Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti doktoranti Gulruxsor Ergasheva hamda Oʻzbek tili fakulteti talabalarining MOʼTUL jamoasi tomonidan, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Saodat Adilova ilmiy rahbarligida yaratildi.

Kitobda shu paytgacha mavjud qoʻllanma va elektron resurslardan farqli ravishda mavzular tizimli va izchil yoritilgan, integrativ va kommunikativ metodlar uygʻunlashtirilgan, vositachi tildan foydalanilmagan.

Bularning barchasi oʻrganuvchining til muhitiga tezroq kirib borishini taʼminlaydi. Shu bilan birga, mashqlarning variativligi taʼminlangan, “oddiydan murakkabga” metodik prinsipiga amal qilingan. Har bir sahifa, har bir mashqda milliylikni aks ettirishga harakat qilingan va umuminsoniy qadriyatlar singdirilgan.

Darslikda taklif etilayotgan audio materiallar sof autentik emas, balki oʻquv-autentik material hisoblanadi. Zero, A1 daraja uchun aynan shu turdagi autentik materialdan foydalanish maqsadga muvofiqdir.

Ushbu darslikda tilni nafaqat oʻqituvchi bilan balki, mustaqil oʻrganish uchun ham keng imkoniyatlar yaratilgan. Masalan, har bir boʻlim mantiqiy ketma-ketlikda berilgan 5 qismdan iborat. Oʻrganuvchi rasmlar orqali ham yangi mavzuni, mashq-topshiriqni bajarish yoʻlini tushuna oladi. Darslik soʻngida sinov materiallari, audiolar, soʻzlashish uchun har bir mavzuga tegishli savollar hamda lugʻatning mavjudligi til oʻrganuvchiga koʻplab qulayliklar yaratadi.

Kitob xorijiy til oʻqitishning oʻqib tushunish, tinglab tushunish, gapirish, yozish koʻnikmalarini toʻlaqonli qamrab olgan.