Oʻzbek—qozoq maxsus boʻlinmalari hamkorligida “Qalqon-2023” maxsus taktik oʻquvi oʻtkazildi

    Oʻquv rejasiga muvofiq harbiy xizmatchilar Chegara qoʻshinlarining tezkor kuch va vositalari bilan hamkorlikda shartli dushmanni yakson etish boʻyicha harakatlari boshlandi.

    Toshkent harbiy okrugining “Angren” dala oʻquv maydonida Oʻzbekiston va Qozogʻiston Qurolli Kuchlari maxsus boʻlinmalarining hamkorligidagi “Qalqon-2023” maxsus-taktik oʻquvlarining asosiy fazasi boʻlib oʻtdi. Mazkur jarayonni har ikki mamlakat mudofaa vazirlari bevosita kuzatdilar.

    Bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida notinchlik, keskinlik va qurolli toʻqnashuvlar oʻzaro muloqotlarda hal qiluvchi kuch sifatida namoyon boʻlayotgani va ularning mintaqamiz yaqinida yuz berayotgani oʻzaro harbiy sohadagi hamkorligimizni yanada kuchaytirishga undamoqda. Hamkorlikdagi mazkur maxsus-taktik oʻquvi ham ikki mamlakatning harbiy sohadagi uzoq yillik tarixiy asoslarga ega doʻstona munosabatlarning yana bir timsoliga aylandi.

    Oʻquv rejasiga muvofiq harbiy xizmatchilar Chegara qoʻshinlarining tezkor kuch va vositalari bilan hamkorlikda shartli dushmanni yakson etish boʻyicha harakatlari boshlandi. Dastlab maxsus boʻlinmalar uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalangan holda razvedka-qidiruv harakatlarini olib borib, dushman yoʻnalishini aniqladilar.

    Shundan soʻng, shartli dushman joylashgan hudud minomyotlar yordamida oʻqqa tutildi. Maxsus boʻlinmalar zamonaviy qurolli mojarolar tajribasidan kelib chiqqan holda yangi taktik usuldan foydalanishdi. Bunda, belgilangan vazifani bajarish chogʻida olovli qoʻllab-quvvatlov guruhiga yengil zirhlangan avtomobillar, jangovar vertolyotlar hamrohlik qildi va shartli dushman batamom yakson etildi.

    Hamkorlikdagi jangovar harakatlar tajribasi bugungi kunda artilleriya hisoblarining mustaqil harakati muhim ahamiyatga ega ekanini koʻrsatib berdi. Hamkorlikdagi oʻquvlar davomida harbiy xizmatchilarning yuqori kasbiy tayyorgarligi, birdamligi va topshirilgan vazifani aʼlo darajada uddalashga qodir ekanliklari namoyon boʻldi.

    Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy

    kommunikatsiyalar departamenti