Oʻzboshimchalik bilan tuproq qazib olish holati aniqlandi

    Boʻstonliqda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Boʻstonliq tuman boʻlimi tomonidan oʻzboshimchalik bilan tuproq qazib olish boʻyicha tergovga qadar tekshiruv oʻtkazildi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “R.E." fermer xoʻjaligi rahbari Sh.R. va “B.S.” MChJ rahbari V.F. oʻzaro til biriktirib, ushbu fermer xoʻjaligining qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun moʻljallangan yer maydonidan oʻzboshimchalik bilan 24,6 ming kub metr tuproq jinslarni qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 422,1 mln soʻm zarar yetkazgani aniqlandi.

    Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilish) va 229-moddasi (oʻzboshimchalik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.