Unda Belarus Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, “Bellegprom” davlat konserni raisi, belaruslik tadbirkorlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda charm-poyabzal va moʻynachilik sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning yangi yoʻnalishlari muhokama etildi.
Uchrashuv avvalida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati Belarus tomoniga mamlakatimizning charm-poyabzal va moʻynachilik tarmogʻining rivojlanish tendensiyalari, sohaga davlat tomonidan berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot taqdim etdi.
Delegatsiya aʼzolari oʻz navbatida ayni yoʻnalishda Belarusda amalga oshirilayotgan ishlar va rivojlanish jarayonlari toʻgʻrisida Uyushma vakillariga maʼlumotlar taqdim etdi.
“Bellegprom” davlat konserni raisi T.A.Lugina Belarus tomoni oʻzbekistonlik charm ishlab chiqaruvchi korxonalarni modernizatsiya qilish, muhandis-texnologlarni tayyorlash va qayta tayyorlash masalasida amaliy koʻmak koʻrsatishga, bundan tashqari, ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar tashkil etish va charm mahsulotlarni xalqaro standartlar asosida sertifikatlashtirish borasida hamkorlikka tayyor ekanliklarini qayd etdi.
“MPKO” ochiq aksiyadorlik jamiyati bosh muhandisi korxonalarni texnologik yangilash borasida Oʻzbekiston tomoni bilan hamkorlik qilish masalasida oʻz takliflarini bildirdi. U tajriba almashishi uchun oʻzbekistonlik mutaxassislarni Belarusga tashrif buyurishga taklif etdi.
Uchrashuvda muhokama etilgan yana bir mavzu oʻzbekistonlik migrantlar Belarus Respublikasida ishlashlari uchun qulay sharoitlarni yaratish borasida Oʻzbekiston va Belarus davlatlari rahbariyati boshchiligida yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanish masalasi boʻldi. Delegatsiya aʼzolari Oʻzbekiston fuqarolarining Belarusdagi korxonalarda qonuniy ishlashlari uchun qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratib berish borasida hamkorlik qilish koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.
Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari esa mamlakatimizda xorij fuqarolarini ishga joylashtirish va ularning qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar va hamkorlik boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etib, bu oʻz navbatida charm-poyabzal va moʻynachilik sohalari kesimida ham alohida ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab oʻtdilar.
Xorijda ishlash istagida boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolarining malakasini oshirish borasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalasi atroflicha koʻrib chiqildi. (Maʼlumot uchun: ayni vaqtda Oʻzbekistondagi mavjud maxsus markazlar va kollejlarda 3 000 dan ortiq mutaxassislar tayyorlanmoqda.)
Ikki tomonlama uchrashuv yakunida kelgusidagi hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilab olish boʻyicha Belarus kompaniyalari va oʻzbekistonlik tadbirkorlar vakillari bilan muzokaralar, V2V formatidagi uchrashuvlar oʻtkazishga kelishib olindi. Delegatsiya aʼzolari mamlakatimizdagi charm-poyabzal va moʻynachilik korxonalarida boʻlib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.