Namangan viloyatida Uychi tumanida yashovchi 50 yoshli ayol S.N. ariza bilan murojaat qilib, uning nomiga roziligisiz 15.460.000 soʻm kredit rasmiylashtirilib, ushbu miqdordagi pullar bank kartasiga tushirilib, shu zahoti boshqa bank kartasiga oʻtkazib olinganini bildirib aybdor shaxsga qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni Namangan viloyati, Uychi tumanida yashovchi 27 yoshli B.B. sodir etganligi aniqlandi.
Maʼlum boʻlishicha, B.B. bank ish boshqaruvchisi lavozimida ishlab kelib, xizmat vakolatidan foydalangan holda fuqaro S.N.ning shaxsiy maʼlumotlari orqali uning nomiga kredit rasmiylashtirib, pullarni noqonuniy oʻzlashtirgan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 1-qismi bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, B.B.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 1-yildan 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.