Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya raisi Tanzila Narbaeva ishtirok etdi.
Senat Raisi o‘z nutqida so‘nggi yillarda mamlakatda barcha sohalarda chuqur va tizimli islohotlar amalga oshirilgani, ayniqsa mehnat munosabatlari va majburiy mehnatni bartaraf etish yo‘nalishidagi o‘zgarishlar tarixiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Anjumanda 2024–2025-yillarda «Better Cotton Initiative» tomonidan amalga oshirilgan asosiy islohotlar — sertifikatlash tizimiga to‘liq o‘tish, regenerativ qishloq xo‘jaligi standartlarining yangi bosqichga ko‘tarilishi, BCI ning yangilangan leyblining joriy etilishi hamda O‘zbekiston bo‘yicha mustaqil monitoring natijalari taqdim etildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, o‘zbek paxtasiga nisbatan «Cotton Campaign» xalqaro koalitsiyasi tomonidan qo‘llanilgan boykotning bekor qilinishi - O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning xalqaro miqyosdagi eng yirik e’tiroflaridan biridir.
Shuningdek, O‘zbekiston va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi munosabatlar «monitoring va nazorat» bosqichidan «to‘liq ishonchga asoslangan sheriklik» bosqichiga o‘tganini alohida qayd etildi.
Mamlakatda har yili Davlat mehnat inspeksiyasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, mustaqil ekspertlar va fuqarolik jamiyati tashkilotlari ishtirokida keng ko‘lamli monitoring o‘tkazilishi davom ettirilayotgani ma’lum qilindi.
Senat Raisi O‘zbekistonning BCI, xalqaro tashkilotlar, yirik global brendlar va sertifikatlashtirish institutlari bilan hamkorligi izchil kengayayotganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, sohada keng ko‘lamli modernizatsiya amalga oshirilgani va klasterlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilganini ta’kidlandi.
Ta’kidlanganidek, ushbu o‘zgarishlar klasterlarning «daladan — tayyor mahsulotgacha» to‘liq zanjir asosida samarali ishlashini ta’minlab, O‘zbekistonning jahon bozoriga integratsiyasini sezilarli darajada kuchaytirmoqda.
BCI sertifikati O‘zbekiston milliy to‘qimachilik mahsulotlarining jahon bozoriga keng kirib borishi va global brendlar bilan hamkorlik imkoniyatlarini yana-da oshirayotgani alohida ta’kidlandi.
Anjuman yakunida ishtirokchi tomonlar o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi va kelgusidagi faoliyat uchun «yo‘l xaritasi» imzolandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.








