Mart oyi ham harorat koʻtarilishi bilan boshlanadi. 1-4-mart kunlari havo harorati asta-sekin koʻtariladi va 4-martga kelib havo kunduzi 20-23° iliqgacha isiydi. Ushbu kunlarda asosan quruq ob-havo kutilmoqda. Faqat respublikaning ayrim hududlarida 1-martda kunduzi va 2-martga oʻtar kechasi biroz yomgʻir yogʻishi mumkin.

5-martdan boshlab ob-havo yomonlasha boshlaydi. Respublika boʻylab yomgʻir yogʻadi. Momaqaldiroq boʻlishi, baʼzi joylarda kuchli shamol esishi va mart oyining birinchi oʻn kunligi uchun meʼyorga yaqin darajalargacha havo harorati pasayishi mumkin.

Oy oxirigacha mart oyiga xos boʻlgan beqaror ob-havo kutilmoqda. Bahorning birinchi oyi harorat keskin oʻzgarishi bilan tavsiflanadi. Bunda tez isish davrlari keskin sovuq davrlar bilan almashadi. Baʼzida esa qisqa muddatga yomgʻir qorga aylanishi va kechasi harorat manfiy qiymatlargacha pasayishi mumkin.

Soʻnggi 50 yil ichida 1972-yilning mart oyi eng sovuq boʻlgan. Hatto mart oyining uchinchi oʻn kunligida ham harorat kechalari 10-15° sovuqqacha pasaygan.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda mart oylari iliqlashdi. 2008, 2016, 2018-yillarning mart oyilari barcha kuzatuv yillari uchun eng iliq uchlikka kirdi. Mart oyining eng iliq kunlarida esa harorat 30-32° iliqqacha, janubda baʼzi joylarda 35-37° iliqqacha koʻtarilgan.

Oʻzbekistonda mart oyi yogʻingarchilik miqdori boʻyicha ham, yogʻingarchilik kunlari soni boʻyicha ham yilning eng yogʻingarchilik koʻp boʻladigan oyi deb hisoblanadi. Shimoliy hududlar va choʻl zonasini hisobga olmaganda, mart oyida oʻrtacha 10 kundan 15 kungacha yogʻingarchilik boʻladigan kunlar kuzatiladi.

Soʻnggi 10 yil ichida 2013-yil va 2014-yillarning mart oyilari eng koʻp yogʻingarchilik kuzatilgan. Ushbu yillarda yomgʻir qorga aylanishi birinchi oʻn kunlikda tez-tez kuzatilgan, vaqti-vaqti bilan kuchli boʻlgan va ularning oylik miqdori bir yarim-ikki oylik meʼyorgacha yetgan.

Soʻnggi 25 yilda 1998-yilning mart oyi eng qorli boʻldi. Bunda Toshkentda 9 kun davomida qor qoplami kuzatildi, uning maksimal balandligi esa 22 sm. ni tashkil etgan, — deyiladi “Oʻzgidromet” xabarida.