Maʼlumki, mamlakatimizda muhim jarayon – saylov kunlari yaqin. Shuning uchun aksiya doirasida dastlab fuqarolarga joriy yil 24-oktyabrda boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovda faol fuqarolik pozitsiyasi bilan ishtirok etishga chaqirildi.Saylov va uning qonunchiligi toʻgʻrisida fuqarolarga batafsil maʼlumotlar berildi.

Soʻngra aholiga sayyor davlat xizmatlari koʻrsatildi. Xususan, aksiya davomida Fargʻona shahar “Dehqon bozorida” tushlikka qadar aholi va yakka tartibdagi tadbirkorlardan 30 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Ularning aksariyat qismini kommunal sohadagi hisoblagichlarni oʻrnatish, qayta sinovdan oʻtkazish, kadastr pasportini shakllantirish, koʻchmas mulk obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, farzandlarini maktabgacha taʼlim tashkilotiga joylashtirish, tugʻilganlik guvohnomalarini rasmiylashtirish, qonuniy nikohdan oʻtish kabi masalalar tashkil qildi.

Jumladan, Qirguli mavzesida istiqomat qiluvchi Omina Shukurova kadastr pasportini shakllantirish masalasida sayyor tartibda murojaat qildi. Ushbu fuqaroning arizasi roʻyxatga olindi va tez kunda hal etilishi belgilandi. Shuningdek, Fargʻona shahar A.Navoiy MFY da yashovchi S. Soyimbetovaning turar joy hududini noturar obyektga aylantirish masalasida muammolar kelib chiqayotganini maʼlum qildi. Shahar DXM xodimlari tomonidan bu murojaat joyida koʻrib chiqilib, huquqiy maslahat berildi.

— Hafta davomida ish bilan juda band boʻlaman. Yakshanbani oʻzida bozor-oʻcharga vaqt topaman, — deydi Ziyodbek Ashurov. —Bugun Fargʻona shahar dehqon bozorida uzogʻimizni yaqin qilib, bozor hududlariga oʻzlari kelib xizmat koʻrsatayotganidan mamnun boʻldim. — Kadastr masalasidagi murojaatim ijobiy yechim topdi. Bundan tashqari, onlayn tarzda xizmatlar olish mumkinligi haqida tushuntirdi. — Ochigʻi, markazga olis shaharchamizdan davlat xizmatlariga borish uchun hech boʻlmaganda 10-15 ming soʻm sarf qilishimga toʻgʻri keladi. Bu kabi sayyor xizmatlar natijasida esa hammasi tejaladi.

DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.