Oziq-ovqat allergiyasi innovatsion diagnostika usulida aniqlanmoqda

    Salomatlik 6 May 2023 3005

     — Oziq-ovqat allergiyasi alomatlari bir necha daqiqadan ikki soatgacha bo'lgan davrda yuzaga keladi, - deydi Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikova.

    Asosiy simptomlar terida toshma, qichishish, shish yoki achishish bilan namoyon bo'ladi.

    Og'iz bo'shlig'i shilliq pardasining shishishi, allergik rinit, ya'ni burun bitishi, aksirish va burundan suv kelishi, yo'tal, nafas qisishi, ko'zlarning yoshlanishi va qizarishi, ko'ngil aynishi kuzatilishi mumkin.

    Allergiya mahali odatda eshakemi ko'rinishida shakllanib, qattiq o'zakli qizil tusli toshma, shish va qichishish bilan kechadi.

    Еmizikli bolalarda oziq-ovqat allergiyasi atopik dermatit sabab qator qo'shimcha alomatlarga ega. Masalan, teri qurishqoqligi, bolaning anal sohasida emizgandan keyin kuchayadigan qizarish shular jumlasidan.

    Ba'zi odamlarda oziq-ovqat allergiyasi jiddiy alomatlar — bronxial obstruktsiya, ko'krak qafasidagi siqilish, nafas olishning qiyinlashishi, qon bosimining keskin pasayishi, bosh aylanishi yoki xushni yo'qotish kabi hayot uchun xavfli alomatlar bilan kuzatilishi mumkin.

    Hozir Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida ushbu xastalik turi innovatsion diagnostika usullari yordamida aniqlanmoqda. Molekulyar allergologiya — shulardan biri.

    U orqali bir vaqtning o'zida bir tomchi qondan 300 tagacha allergenga karshi antitanacha va allergen molekulasining oqsilli komponenti o'rganiladi. eng asosiysi, bronxial astmaning oldini olish uchun o'tkaziladigan ASIT samaradorligi bor-yo'qligi tasdiqlanadi.

    Shu soha mutaxassisi sifatida oziq-ovqat allergiyasidan aziyat chekadigan yoki bunga moyil kishilarga shifokorlar ko'rigidan o'tib, ularning tavsiya va ko'rsatmalariga qat'iy amal qilishlarini tavsiya qilaman.

    Umuman, allergiyaning tabiiy davo usuli, avvalo, to'g'ri ovqatlanishdir. Bemor allergen chaqiruvchi oziq-ovqat mahsulotlaridan tiyilishi va voz kechishi lozim.

    Shu bilan birga, markazimizda kasallikning og'ir bosqichlari va shakllarini boshdan kechirayotgan bemorlarning samarali davolanishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

    Sog'liqni saqlash vazirligi
    Matbuot xizmati.