Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash uchun doimiy intervensiya tizimi joriy etiladi

    Hozirgi tez oʻzgaruvchan sharoitda bozorlardagi narx-navo barqarorligi va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash doimiy diqqat markazida boʻlishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

    «Toʻgʻri, kuz-qish uchun asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini zaxira qilyapmiz. Endi bu ishni yil davomida amalga oshirib, narxlar barqarorligini taʼminlash uchun doimiy intervensiya tizimi joriy etiladi», – dedi Prezidentimiz.

    Yaqinda ozuqabop, moyli ekin va kartoshka yetishtiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi mexanizmlar eʼlon qilingan edi. Jumladan, kelgusi yilda fermerlarga 2025-yil olgan hosil qiymatining 50 foizi miqdorida Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan 12 foizli kredit ajratiladi. Xorijiy valyutadagi kredit stavkasining 8 foizdan oshgan qismi qoplab beriladi. Kreditlarning 50 foizgacha qismiga kafillik taqdim etiladi.

    Har yili “in-vitro” laboratoriyalarda virusdan xoli 10 milliondan ortiq kartoshka mini-tuganaklari tayyorlanib, urugʻchilik xoʻjaliklariga bepul beriladi.