Oziq-ovqat xavfsizligi yangi imkoniyatlar va ilgʻor gʻoyalar asosida taʼminlanadi

    Fikr 9 Avgust 2023 2802

    Bugungi kunda dunyo mamlakatlari tomonidan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarga qaramay, oziq-ovqat masalasi dolzarbligicha qolmoqda. Binobarin, jahon hamjamiyati bir necha oʻn yillar mobaynida ushbu yoʻnalishdagi muammolarga yechim topishga harakat qilib kelyapti.

    Ammo hozirgi jarayon insoniyat uchun yangi hodisa sifatida namoyon boʻlib, oʻzining keng qamrovliligi bilan oldingilardan farq qiladi. Jumladan, hozir oziq-ovqat bozori va unga aloqador tarmoqlarda tushunarsiz jarayon kuzatilyapti. Bir tomondan, BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning soʻnggi prognozlari bugʻdoy, guruch, shakar, goʻsht, baliq va sut mahsulotlari, oʻsimlik yogʻi kabi bir qancha asosiy oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish qoʻrsatkichlarining oʻsishi va zaxiralarining koʻpayishini koʻrsatmoqda. Boshqa tomondan esa, soʻnggi oʻn yil davomida kuzatilmagan inflyatsiyaning eng koʻp qoʻllaniladigan oʻlchovi boʻlmish isteʼmol narxlari indeksi tez surʼatlar bilan koʻtarilib borayotir.

    Chunki, hozirgi kunda dunyoning koʻplab mamlakatlari, ayniqsa, Afrika davlatlarining ayrimlarida oziq-ovqat tanqisligi kuzatilmoqda. Shu bilan birga, oʻz ehtiyojidan ortiq don yetishtira oladigan davlatlar uni muhtoj davlatlarga sotish, balki tekin yetkazib berish imkoniyatidan ham mahrum boʻlmoqda.

    Rivojlanayotgan va qashshoq mamlakatlar oziq-ovqat inqirozidan koʻproq zarar koʻrmoqda. Iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda inflyatsiyaga qarshi kurashish uchun koʻplab vositalar mavjud. Shu sababli ularda oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi dunyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan 2–2,5 barobar past natija koʻrsatmoqda.

    Davlatlar oʻrtasidagi keskinlashgan siyosiy qarama-qarshilik atrof-muhit va iqlim muammolariga eʼtibor susayishiga olib keldi. Bunga javoban tabiat insoniyat va butun sayyora manfaatlariga qattiq zarba berib, oʻzining halokatli kuchini tobora koʻproq namoyon qila boshladi. Oxirgi yillar bunga yaqqol misol.

    Yuqoridagi misollardan kelib chiqib, shuni aytish mumkinki, oziq-ovqat inqirozining ildizlari ishlab chiqarish sohasidan emas, balki inson faoliyatining boshqa sohalaridan, asosan, siyosiy sohadan chiqib kelmoqda.

    Dunyo tajribasi shuni koʻrsatyaptiki, har bir mamlakat ushbu muammolarni yechishda oʻz imkoniyatlariga tayangan holda, tafakkuridan kelib chiqib harakat qilishi kerak.

    Oʻzbekiston jahon iqtisodiyotining bir qismi, binobarin, dunyoda kechayotgan oziq-ovqat inqirozi kabi jarayonlar uni chetlab oʻtmaydi, unga ham albatta oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmaydi.

    Toʻgʻri, soʻnggi yillarda aholini asosiy ehtiyoj mollari bilan taʼminlashda uzilishlar kuzatilmadi, biroq inflyatsiya odamlarning turmush darajasi, xarid qobiliyatiga taʼsir koʻrsatib kelmoqda.

    Soʻnggi yillarda agrar sohada amalga oshirilgan chora-tadbirlar, bozor tamoyillarining joriy etilishi mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan bogʻliq vaziyatni yaxshilash, import mahsulotlariga qaramlikni nisbatan kamaytirish imkonini berdi.

    Gʻallachilik Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligining izchil rivojlanayotgan tarmogʻiga aylandi. Kartoshkachilik, boshqa sabzavotlar yetishtirish, chorvachilik sezilarli rivojlanmoqda. Oʻtgan yili aholi jon boshiga tuxum yetishtirish sanitariya meʼyorlaridan oshib, 225 donani tashkil etdi. Kelgusi yillarda esa respublikada tovuq goʻshti ishlab chiqarish koʻrsatkichlari tavsiya etilgan norma darajasiga koʻtarilishi kutilmoqda. Ortiqcha ishlab chiqarilgan qismi esa eksportga chiqariladi. Soʻnggi besh yilda Oʻzbekistonning oziq-ovqat savatidagi eng zaif oʻrinni egallagan baliq yetishtirish koʻrsatkichi uch barobar oshdi.

    Oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal qilish nafaqat mahalliy ishlab chiqarish, balki import bilan ham bogʻliq. Jahon oziq-ovqat inqirozi taʼsirini cheklash uchun mamlakatimiz jahon savdo tashkiloti tomonidan taqdim etilgan imkoniyatlardan ham foydalanmoqda. Mamlakat rahbariyati mintaqada birinchilardan boʻlib oziq-ovqat importini kengaytirish, bojxona toʻsiqlarini kamaytirish, oziq-ovqat mahsulotlari uchun inflyatsiyani jilovlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻrdi.

    Oʻzbekistonning ushbu muammolarni hal etishdagi muvaffaqiyatlari jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda. Britaniyaning “The Economist” agentligining yillik reytingiga koʻra, mamlakatimiz 2019–2022-yillarda oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha eng yuqori oʻsish surʼatlariga ega 10 ta davlat orasida 1-oʻrinni egalladi.

    Oxirgi 11 yil davomida ushbu agentlik har yili 113 mamlakat koʻrsatkichlarini oʻz ichiga olgan Global oziq-ovqat xavfsizligi indeksini (GFSI) chop qilib kelmoqda. Tadqiqot mualliflari moddiy qulaylik, arzonlik, barqaror rivojlanish kabi toifalar samaradorligini umumlashtiruvchi va obyektiv tavsiflarida Oʻzbekistonning sezilarli natijalarini qayd etmoqda. Natijada oʻtgan yil yakunlariga koʻra, mamlakatimiz 5 pogʻonaga koʻtarilib, 73-oʻrinni egalladi.

    Erishilgan natijalar, albatta, ijobiy. Buni bizga qoʻshni boʻlgan, tabiiy sharoitlari bir xil boʻlgan davlatlar bilan solishtirish orqali bilish qiyin emas. Bu kelgusi faoliyat koʻlamini belgilash, kamchiliklarni aniqlashga yordam beradi.

    Ushbu koʻrsatkichga ikkita muhim omil taʼsir qiladi. Bu, birinchi navbatda, aholi soni va uning oʻsish surʼati. Ikkinchi omil esa qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini kengaytirish imkoniyatlarining mavjudligi. Shunga koʻra, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda ilgʻor boʻlib, oziq-ovqat bazasi ham yuqori boʻlgan.

    Xalqaro ekspertlar fikricha, Oʻzbekistonning joriy yilda optimistik natijalarga erishishiga asos bor. Bu ishonch mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga, koʻrilgan chora-tadbirlarga bogʻliq. Ammo amalga oshirilayotgan tadbirlar turli xil. Baʼzi birlari islohotlar bir necha yildan keyin, baʼzilari esa qisqa muddat ichida oʻz samaradorligini koʻrsatadi. Shu munosabat bilan yaqinda qabul qilingan va amalga oshirilayotgan muhim hujjatga toʻxtalib oʻtish lozim. Yaʼni bu fermer xoʻjaliklari, klasterlarning moddiy manfaatdorligini oshirish, ichki bozorni bugʻdoy va un mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, gʻallani davlat ehtiyojlari uchun zarur hajmdan ortiq xarid qilishdan voz kechish orqali sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida qabul qilingan Prezidentimizning 2022-yil 28-maydagi “Gʻallani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroridir.

    Aytish joizki, ushbu hujjat ichki gʻalla bozorini tubdan oʻzgartiruvchi eng muhim omil boʻldi. Mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishga asos yaratdi. Jumladan, joriy yilda mamlakatimizda rekord darajadagi gʻalla yetishtirildi — 8 million tonna, hosildorlik esa 70 sentnerdan oshdi.

    Bu, shubhasiz, qator ishlab chiqarish, iqlim omillari, fermerlar tajribasi, tarmoqda koʻrilayotgan chora-tadbirlar, gʻallachilik bozor usullari bilan boshqarilayotgani samarasidir.

    Yana bir muhim qadam, 200 ming gektar yerni yoshlarga ijaraga berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi boʻldi. Gap suv taʼminoti yaxshi, aholi punktlariga yaqin joylashgan, paxta va gʻalladan boʻshagan, fermer va klasterlar foydalanayotgan hududlar haqida bormoqda.

    Oʻzbekistonning boʻ boʻyicha tajribasi bor. Oʻz paytida qishloq aholisini tomorqa yerlarini kengaytirishga qaratilgan tadbirlar kichik dehqon xoʻjaliklari shakllanishiga olib kelib, oziq-ovqat muammolarini hal qilishda eng samarali tadbirlardan biri boʻlib chiqqanini xalqaro ekspertlar eʼtirof etadi. Yer maydonlari kam boʻlishiga qaramasdan, ushbu toifa xoʻjaliklari koʻproq oziq-ovqat ishlab chiqardi. Bu xoʻjaliklarga tegishli yerlarning unumdorligi fermer xoʻjaliklarining yerlari darajasidan bir necha barobar yuqoridir.

    Albatta, yangi bosqichda amalga oshiriladigan ushbu tadbir bir qancha jiddiy masalalarni yechishga oʻzining ijobiy hissasini qoʻshadi.

    Umumiy qilib aytganda, oziq-ovqat inqirozi, har qanday inqiroz kabi, ayrim muammolar chuqurlashishi va yangilari shakllanishiga olib keladi. Ammo, har qanday hodisa kabi, uning ham ijobiy tomoni bor. Bu dolzarb masalalarni tezda hal etishga majbur qilib, yangi gʻoyalar, yanada ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etishga va ishlab chiqarish munosabatlarini takomillashtirishga imkoniyat yaratadi.

    Oʻzbekiston agrar sektorida bu imkoniyatdan foydalanishi uchun, birinchi navbatda, yer munosabatlari takomillashtirilishi, yerga xususiy mulkchilikning izchil joriy etilishi toʻgʻri boʻladi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 68-moddasi ham bunga imkoniyat yaratadi. Bu turdagi tadbirlarni amalga oshirish natijasida koʻplab muammolarga yechim topiladi, va bu jarayon oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga oʻz hissasini qoʻshadi.

    Nosirjon YUSUPOV,

    Nurmuhammad BAXTIYOROV ,

    Markaziy Osiy xalqaro instituti ilmiy xodimlari