Oʻzlashtirilgan tovar belgisiga boʻlgan egalik huquqi bekor qilindi

    Tadbirkor oʻz mahsulotini xalqqa tanitish uchun avvalo unga chiroyli nom qoʻyadi. Shu nomi bilan dunyoga tanilishi, brend darajasiga chiqishi mumkin. Buning uchun vaqt, tinimsiz mehnat va toʻxtovsiz izlanish kerak boʻladi.

    Ammo birgina nohalol raqobat orqali koʻp yillik tajriba va nufuzga ega boʻlgan ishlab chiqaruvchi obroʻsiga putur yetkazish holatlari ham uchrab turadi. Bunga misol sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Apellyatsiya kengashida koʻrib chiqilgan ishni keltirish mumkin.

    Apellyatsiya kengashiga Moldova Respublikasining ayollar oyoq kiyimini ishlab chiqaruvchi “FLOARE” ochiq aksiyadorlik jamiyati “Runa International Trading, Inc” MCHJ nomiga rasmiylashtirilgan “Floare” tovar belgisi isteʼmolchilarni chalgʻitish darajasida oʻxshash ekanini vaj qilib koʻrsatib, MGU 10820-sonli guvohnomalarni haqiqiy emas, deb topish haqida daʼvo arizasi bilan murojaat qildi.

    Daʼvo yuzasidan oʻtkazilgan eshituvda Apellyatsiya kengashi aʼzolari ikki tomon vakillarining fikrlarini tinglab, haqiqatdan “Floare” tovar belgisi Moldova Respublikasi kompaniyasining tovar belgisiga juda oʻxshash ekaniga amin boʻlishdi.

    Eshituv davomida keltirilgan dalillardan anglashiladiki, Moldova Respublikasining mashhur “FLOARE” brendi ostida 40 yildan ortiq vaqt davomida dunyoning koʻplab mamlakatlariga ayollar oyoq kiyimi eksport qilingan. Biroq “Runa International Trading, Inc” MCHJ tomonidan 2011-yilda tovar belgisi oʻzlashtirishi natijasida Moldova kompaniyasining Oʻzbekistonda faoliyat yuritishiga toʻsqinlik qiladi va tadbirkor manfaatlariga jiddiy putur yetkazadi. Natijada Moldovaning “FLOARE” kompaniyasi Oʻzbekiston bozoriga kirish va oʻz mahsulotini sotishda muammoga duch keladi. Albatta, bunday vaziyatda mamlakatdagi qonunchilik tizimining samarali ishlashi muammoni yechishga xizmat qildi.

    Eshituv natijasiga koʻra Apellyatsiya kengashi Oʻzbekiston Respublikasi “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi qonunning 10-moddasi 9-bandiga asosan daʼvogar apellyatsiya arizasi talablari qanoatlantirildi hamda MGU 10820-sonli guvohnomani haqiqiy emas, deb topdi. Shu tariqa nohalol raqobatga chek qoʻyildi, tadbirkor manfaati tiklandi. Bu esa kompaniyaning yurtimizda qonuniy faoliyat yuritishiga, ishlab chiqarishni kengaytirishiga, investitsiyalar kirib kelishiga yoʻl ochdi.

    Ulugʻbek Asrorov

    “Yangi Oʻzbekiston”