Nizomga koʻra, taʼlim grantiga talabgorlardan joriy oʻquv yilida oʻzlashtirish koʻrsatkichi boʻyicha GPA koʻrsatkichi 3,5 va undan yuqori boʻlishi talab etiladi. Oʻzlashtirishi ushbu koʻrsatkichdan past boʻlgan talabalarning taʼlim grantini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlashda ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi va taʼlim granti oʻrni vakant qoladi.
Taʼlim grantiga talabgorlar uchun oliy taʼlim tashkilotining rasmiy veb-saytida onlayn roʻyxatdan oʻtish va erishgan yutuqlarini asoslovchi hujjatlarni yuklash imkoniyati yaratiladi.
Taʼlim grantiga talabgorlarning oʻzlashtirish koʻrsatkichlari mutanosib tarzda 80 ballik mezonda baholanadi, bunda GPA koʻrsatkichini “16” soniga koʻpaytirish orqali aniqlanadi.
Taʼlim grantiga talabgorlarning ijtimoiy faollik koʻrsatkichi 20 ballik mezonda baholanadi, bunda baholash mezoniga asosan hisoblangan natijani “5” soniga boʻlish orqali aniqlanadi.
Belgilangan taʼlim granti oʻrinlari doirasida tanlov chegarasida bir xil natija koʻrsatgan talabgorlarning akademik oʻzlashtirish koʻrsatkichiga ustuvorlik beriladi. Agar oʻzlashtirish koʻrsatkichida ham bir xil natija aniqlangan holatda mazkur talabgorlar uchun oʻzlashtirilgan semestrlarda oʻtilgan mutaxassislik fanlaridan test sinovlari oʻtkaziladi.
Oliy taʼlim tashkiloti kengashining qaroriga asosan taʼlim grantini oluvchi talabalar roʻyxati har yili 25-avgustga qadar oliy taʼlim tashkilotining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.