“Ming eshitgandan bir koʻrgan afzal” degan naql hammamizga yaxshi tanish. Chindan ham, har bir narsani oʻz koʻzing bilan koʻrganingga nima yetsin. Oʻzbekiston mustaqilligining 32 yilligi bayrami arafasida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan soha mutaxassislari bilan hamkorlikda qariyb ikki yil davomida tayyorlangan plakatlar toʻplami yuqoridagi soʻzimizning tasdigʻidir. Ushbu plakatlar soʻnggi yillarda Vatanimizda yuz bergan ulkan evrilish va oʻzgarishlarni bamisoli koʻzgu singari oʻzida aks ettiradi. Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga hissa qoʻshish – Yaratganning oʻzi bizga bergan tarixiy imkoniyatdir” degan soʻzlari butun majmuaga epigraf boʻlibgina qolmay, ayni paytda barcha plakatlar mazmun-mohiyatini yanada boyitadigan, suratlarga oʻzgacha maʼno bagʻishlaydigan hikmatga aylangan.

Toʻplamdan joy olgan 12 ta plakatning har birini “Yangi Oʻzbekistonning yangicha qiyofasi”ni koʻz-koʻz etuvchi alohida asarga mengzash mumkin. Binobarin, mavzular tanlanishini inobatga oladigan boʻlsak, ularda Vatanimiz ravnaqining oʻn ikkita ustuni oʻzini namoyon etib turibdi. Masalan, ikkinchi plakat mamlakatimiz boʻylab keng quloch yoygan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyilning amaliy natijalarini namoyon etgani holda, el-yurt uchun sadoqat bilan xizmat qilishdan hech qachon toliqmaslik, charchamaslikka daʼvat etadi.

Ulugʻ shoirimiz Abdulhamid Choʻlponning “Adabiyot yashasa, millat yashar!” degan soʻzlariga ushbu dorilomon zamonda chinakamiga jon ato etildi. Poytaxtimiz koʻrkiga koʻrk qoʻshib turgan Yangi Oʻzbekiston majmuasi deymizmi, yoki tom maʼnoda “Xalq yuragi”ga aylangan Adiblar xiyobonini eslaymizmi, ayniqsa, hududlarda ustoz shoir-yozuvchilarimiz nomiga atab bunyod etilgan ijod maktablarida oʻqiyotgan tiyrak oʻgʻil-qizlarimizni koʻz oʻngimizga keltiramizmi, barchasida “Biz Yangi Oʻzbekistonni yetuk maʼnaviyatli jamiyat, erkin va baxtli insonlar yashaydigan yurtga aylantiramiz”, degan umummilliy gʻoyaning ifodasini koʻramiz.

“Yoshlar – Uchinchi Renessans bunyodkori”, “Sport – barkamol avlod, yorqin kelajak asosi”, deb nomlangan 4- va 5-plakatlar misolida ham yosh avlod va Yangi Oʻzbekiston tushunchasi uzviyligi va mushtarakligi namoyon boʻladi. Haqiqatan ham, kelajakda yuksak maʼrifatli jamiyat barpo etishni maqsad qilgan ekanmiz, bunga boradigan yoʻl, albatta, yoshlar siyosati, taʼlim-tarbiya va sportga eʼtibor orqali oʻtishi muqarrardir. Najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda ekanligi, barcha ezgu maqsadlarga shular orqali erishilishi kundek ravshan.

Oltinchi va yettinchi plakatlar jamiyat taraqqiyotining asosiy tayanchi boʻlgan innovatsiya va iqtisodiyotga, qishloq xoʻjaligi tarmoqlariga bagʻishlangan. Agrar, sanoat, ishlab chiqarish sohalari aslida shunchaki mahsulot ishlab chiqaruvchi jabha emas, aksincha, pirovard-natija sifatida elimiz dasturxonini noz-neʼmatlarga toʻldiruvchi, xalqimiz farovonligini taʼminlovchi sohalardir. Jadal iqtisodiy oʻsish natijasida yaratilgan moddiy qiymatlar nafaqat bugungi kun, balki farzandlarimiz kelajagiga sarmoya hisoblanadi.

“Yangi Oʻzbekistonni sogʻlom millat barpo etadi”, degan gapda chuqur mazmun mujassam. Sogʻliqni saqlash tizimida yuksak samaradorlikka erishgan ilgʻor mamlakatlar qatoridan joy olish strategik vazifalarimizdan biriga aylangani sir emas. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar faqat tibbiyot sohasidagi yangilanishlar, eng zamonaviy uskunalar bilan taʼminlangan shifoxonalar ochish, olis qishloq va ovullarda aholiga sifatli tibbiy yordam koʻrsatiladigan tarmoqlarni shakllantirish bilan cheklanmayapti. Bunda, ayniqsa, aholi orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, jismoniy tarbiya va sport bilan ommaviy ravishda shugʻullanish uchun zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratishga alohida urgʻu berilayotgani sogʻlom millat va jamiyatni yaratishdek ezgu niyatga tezroq yetishda muhim omil boʻladi.

Mahalla milliy anʼana va qadriyatlarimizni asrovchi oʻziga xos qoʻrgʻon boʻlib, bu institut ming yillar davomida shakllanib, rivojlanib kelgani bilan biz uchun bebaho qadriyat hisoblanadi. Mahallani Vatan ichra vatan, milliy aʼmollar beshigi desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Bugun mamlakatimizda mahalla tizimining fuqarolik jamiyati instituti sifatidagi rolini kuchaytirishga katta eʼtibor qaratilayotgani boisi ham shunda. Birgina misol, “Tashabbusli byudjet” loyihasi hududlardagi obodlikka xizmat qilish bilan kifoyalanmay, balki mahalladoshlar, qishloqdoshlar ahil-inoqligi yanada mustahkamlanishida muhim omil boʻlmoqda. Mahalla bundan keyin ham tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, maʼrifat va tarbiya qoʻrgʻoni boʻlib qolaveradi.

Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati tufayli yurtimizning xalqaro miqyosda obroʻ-eʼtibori kun sayin oshib bormoqda. Mintaqada vaziyat tubdan iliqlashganini faqat oʻzbek xalqigina emas, balki qoʻshni davlatlar aholisi ham oʻz hayotlarida chuqur his qildi. Koʻplab ekspert va tahlilchilar bunda Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi muhim rol oʻynaganini eʼtirof qilmoqda. Umumplanetar miqyosda Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida, mintaqaviy darajada Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar faoliyati misolida, koʻpgina mamlakatlar bilan esa ikki tomonlama manfaatli aloqalar amalga oshirilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, maqsadimiz – hamkorlik, tinchlik va taraqqiyotdir.

Oʻn birinchi plakat mavzusi “Vatan himoyasi – sharafli va muqaddas burch” deb nomlanadi. Darhaqiqat, mustaqil mamlakatni koʻz qorachigʻidek himoyalash har bir Oʻzbekiston fuqarosining sharafli burchidir. Jahondagi vaziyat kundan-kun jiddiylashib, turli mintaqalarda urush olovi yonib turgan bir paytda Vatan va xalq xavfsizligi, tinchligi hamda osoyishtaligini saqlash ustuvor vazifaligicha qoladi. Qurolli Kuchlarimiz qudratini oshirish maqsadida olib borilayotgan islohotlar yurtdoshlarimizga emin-erkinlik, xotirjamlik va ertangi kunga ishonch bermoqda, desak adashmaymiz.

Ne baxtki, jahonga koʻz-koʻz qiladigan madaniyatimiz, tariximiz va betakror tabiatimiz bor. Bunday imkoniyatlar hamma davlatlarda ham mavjud emasligini aytmasak ham boʻladi. Shu maʼnoda, turizmga yangi Oʻzbekiston iqtisodiyotining drayveri sifatida qaralmoqda. Albatta, sohaning moddiy qiymat yaratishdagi salohiyati nihoyatda muhim va salmoqli. Turizmni rivojlantirish, chet ellik sayyohlarni yurtimizga koʻproq jalb etish bir jihatdan biznes boʻlsa, ikkinchi tomondan, jahon ahlini milliy qadriyatlarimiz, shonli tariximiz hamda boy madaniyatimiz bilan tanishtirish hisoblanadi. Yaʼni maʼnaviy maʼno kasb etadi.

“Yangi Oʻzbekistonning yangicha qiyofasi” aks etgan 12 ta plakatdan iborat muhtasham majmua mazmun-mohiyati, tabiiyki, maʼnaviyat deb atalmish ulugʻ tushuncha atrofida muajassamlashadi. Vatanimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning pirovard maqsadi ham maʼrifatli jamiyat barpo etishdir.

Abdumajid AZIM,

shoir