O'zbekiston milliy universitetida Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Moliya universiteti bilan birgalikda “Moliyaviy tavakkalchiliklarni boshqarish va sug'urtalash”, “Ijtimoiy sohaning biznesi va moliya” bakalavr dasturlarining yaratilishi — oliy ta'limda O'zbekiston–Rossiya Federatsiyasi hamkorligi tobora rivojlanayotganiga oid yana bir dalolatdir.

Sug'urta bozori uchun mutaxassislarni tayyorlash sifati juda muhim. Bu  sug'urta ta'lim tizimi nafaqat iqtisodiy ta'lim tizimining muhim segmenti, balki sug'urta bozorining asosiy tarkibiy qismi sifatida  uning muvaffaqiyatli ishlashini ta'minlaydi.

Ikki nufuzli oliy o'quv yurti o'rtasida “Qo'shma ta'lim dasturini amalga oshirish to'g'risida”gi shartnoma onlayn tarzda tantanali imzolandi. Shartnomani har ikki universitetning xalqaro aloqalar bo'yicha prorektorlari (R.Shirinova va A.S.Linnikovlar) imzoladi.

Shuningdek, marosimda Rossiya hukumati huzuridagi Moliya universiteti xodimlari va O'zbekiston Milliy universiteti vakillari ishtirok etishdi.

 Ixtisoslashgan fanlar bo'yicha darslarni Moskva va Toshkentdagi professor-o'qituvchilar o'tadi. Joriy yil talabalikka qabul qilinganlar uchun pandemiya tufayli ma'ruzalar va amaliy mashg'ulotlar onlayn olib boriladi. Reja asosida o'zbekistonlik 3- va 4-bosqich talabalari Rossiya hukumati huzuridagi Moliya universitetida o'qishni davom ettiradi.

Ma'lumot o'rnida aytish joizki, Rossiya hukumati huzuridagi Moliya universitetining sug'urta va ijtimoiy iqtisodiyot kafedrasi ilmiy maktabi XX asrning boshlarida shakllangan va ayni paytda jadal rivojlanmoqda. Sug'urta ilmiy maktabi Moliya universiteti bilan chambarchas bog'liq bo'lib, Moskva moliya instituti, moliya akademiyasi, moliya universitetlari bilan doimiy hamkorlikda faoliyat yuritadi.

 Bu ta'lim dargohining bitiruvchilari bugungi kunda MDHdagi sug'urta kompaniyalarining aksariyat qismida faoliyat yuritishishi uning nufuzi yuqori ekanligini ko'rsatadi.

 Moliya universiteti vakillari — YU.Bugaev, L.Orlanyuk-Malitskaya, A.Tsiganov Rossiyaning sug'urta to'g'risidagi bugungi kun Qonunlarini ishlab chiqishda faol qatnashadilar, avtomobil` egalarining javobgarligini majburiy sug'urtalashni (OSAGO) ishlab chiqish va joriy etishda qatnashganlar. Bundan tashqari, mazkur universitet olimlari bugungi kunda Rossiya sug'urta bozorida sug'urta nazorati va o'zini-o'zi boshqarishni ilgari surishmoqda. Bakalavriat bosqichi talabalarining “Moliyaviy tahlikalarni boshqarish va sug'urta qilish” va “Ijtimoiy soha biznesi va moliya” yo'nalishida olinadigan bilimlar, kelajakda O'zbekistonning sug'urta bozori va ijtimoiy sohasi rivojlanishiga xizmat qiladi.

 Munojat MO'MINOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri