Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti va Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti oʻrtasida 2021-yil 12-oktyabr kuni oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandumning maqsadi taʼlim sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot faoliyatlari yuzasidan ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini tartibga solishdan iborat.
Ikki oliy taʼlim dargohining istiqbolda turli sohalarda hamkorligi yaʼni ilmiy-uslubiy konferensiyalar tashkil etish, uslubiy qoʻllanmalar, darsliklar va metodik materiallar tayyorlashda, ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash, universitetlar kafedralararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, faoliyat olib borayotgan ilmiy kengashlarda ilmiy darajali kadrlar tayyorlashga imkon yaratadi.
Taʼlim sohasida pedagogik-psixologik muammolar, milliy, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikning dolzarb masalalari boʻyicha ikkala tomonda tashkil etiladigan ilmiy tadbirlar (seminar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, davra suhbatlari va h.k.)da tomonlarning vakillari ishtirok etishi koʻzlangan.
Shuningdek, tegishli yoʻnalishlar boʻyicha oʻzaro masofaviy taʼlim tizimini joriy etish, ilmiy va amaliy yutuqlarni amaliyotga tadbiq qilish; ochiq dars va master klas mashgʻulotlarini hamkorlikda tashkil etish kabi muhim masalalar ham koʻzda tutilgan.
Memorandum taʼlim muassasalariaro hamkorlikni mustahkamlashga, taʼlim sifatini oshirishga, yoshlarda harbiy-vatanparvarlik, vatanni sevish hislarini yanada mustahkamlash uchun ham xizmat qiladi.