Hali faoliyatini boshlaganiga uncha koʻp boʻlmagan “Taekvando va sport faoliyati” fakultetida bugungi kunda Oʻzbekiston sharafini himoya qilib kelayotgan talay yoshlar tahsil olishadi. Ular orasida 9 nafar Jahon chempioni, 10 nafar Osiyo chempionlari va 100 dan ortiq Oʻzbekiston chempionatlari hamda nufuzli xalqaro sport musobaqalarining gʻolib, sovrindorlari bor.

Nuriddin Davlatov va Farxod Umurzoqovlar 2021-yil 24-28-mart kunlari Manchester (Angliya) shahrida Para Pauerlifting sport turi boʻyicha Jahon kubogida 1 oʻrinni egalladi. Rio da oʻtkazilgan Paralimpiya oʻyinlari ishtirokchisi Azizbek Abdulxabibov esa 2021-yilda Tokio (Yaponiya) shahrida boʻlib oʻtadigan Paralimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Bundan tashqari talaba-yoshlar orasida 2 nafar Zulfiya davlat mukofoti sohibalari, 1 nafar “Yil talabasi 2020” Respublika tanlovida “Yilning eng faol sportchi talabasi” nominatsiyasi koʻrik tanlovi gʻolibi, 1 nafar “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻrik tanlovining gʻolibligini qoʻlga kiritgan talabalar tahsil olmoqda. 7 nafar talaba esa Tokiodagi musobaqalarga yoʻllanmani qoʻlga kiritish uchun harakat qilmoqda.

Universitetda imkoniyati cheklangan talabalarga nazariy bilimlarni olishlari uchun qulayliklar yaratish borasida talay ishlar amalga oshirildi. Jumladan, joriy oʻquv yilining ikkinchi yarmida eshitishda nuqsoni bor talabalar darslarni qulay imkoniyatlarda oʻzlashtirishlari uchun nazariy mashgʻulotlarni maʼruza oʻqituvchisi bilan birga surdo tarjimon olib borishi yoʻlga qoʻyildi.

Eshitishda nuqsoni bor talabalar maʼlumotlarni eshitishdan koʻra koʻproq koʻrib qabul qilishadi. Darslarni ham koʻrib, kuzatib oʻzlashtiradilar va amalda sinab koʻradilar. Oʻzlariga kerakli boʻlgan bilimlarni harakatlarda koʻrib, maxsus oʻquv dasturlari orqali fanlarni tez va qulay oʻrganadilar. Bunda surdopedagog va surdo tarjimonlarning yordamlari katta boʻladi.

Bugungi kunda “Taekvando va sport faoliyati” fakultetida surdo tarjimonga ehtiyoji bor 9 nafar talaba oʻqiydi. Surdo tarjimon talabalarga nazariy bilimlarni yetkazish bilan birga ularni qiziqtirgan masalalarda ham maʼlumotlar olishida hamkorlik qilmoqda. Talabalar bu qulaylikdan minnatdor.