OʻzMUda yoʻqolgan noyob asarlar ishi boʻyicha sud hukmi oʻqildi

    Oʻzbekiston Milliy universitet Axborot resurs markazi fondida saqlangan XIII-XIX asrlarga oid qiymati 2,6 mlrd soʻmlik tarixiy va badiiy ahamiyatga ega boʻlgan 56 dona qoʻlyozma va 6 dona toshbosma asarlar talon-toroj qilinganligi yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan edi.

    Universitetning axborot resurslar markazi rahbari sheriklari bilan XIII-XIX asrlarga oid bahosi deyarli 3 mlrd soʻmlik nodir qoʻlyozmalar talon-taroj qilganligi aniqlandi.

    Toshkent shahar sudi Matbuot xizmatini xabariga koʻra, JIB Mirzo Ulugʻbek tumani sudida mazkur ish yuzasidan axborot resurs markazi rahbariga nisbatan jinoyat ishi koʻrib chiqildi.

    Maʼlumotlarga koʻra, 60 yoshli sudlanuvchi ayol (1962-y.t) 2008-yilning 2-dekabridan to 2022-yilning 14-apreliga qadar Oʻzbekiston Milliy Universitetining Axborot resurslar markazi rahbari boʻlib ishlagan.

    Sudlanuvchi mansabdor shaxs boʻla turib, xizmat vazifalariga tarixiy va madaniy meroslarni saqlash va yaxlitligini taʼminlash kirsa-da, noqonuniy daromadlar orttirish maqsadida jinoyat ishining qismi alohida ish yurituviga ajratilgan shaxslar bilan oldindan jinoiy til biriktiradi.

    Aniqlanishicha, ular bir guruh shaxs boʻlib, unga ishonib topshirilgan va uning ixtiyorida boʻlgan Axborot resurs markazi “Sharqiy” fondining umumiy bahosi 2 mlrd 656 mln 600 ming soʻm qiymatga ega noyob — 57 ta tarixiy qoʻlyozma asarlarini, XIII-XIX asrlarga oid 12 ta toshbosma va 9 ta tarixiy hujjatlarini talon-toroj qilib, juda koʻp miqdorda davlat manfaatlariga zarar yetkazgan.

    Shuningdek, sudlanuvchi ayol oʻzining jinoiy harakatlarini davom ettirib, sodir qilgan ogʻir jinoyatining izini yashirish maqsadida Axborot resurslar markazining oʻta muhim ahamiyatga ega, tarixiy-madaniy qimmatliklar haqida maʼlumot beradigan 341 ta inventar kitoblarini taqdim qilmasligi oqibatida 45 ta noyob qoʻlyozmalar, 104 ta noyob toshbosmalarni, yaʼni davlat va jamoat tarixiy-madaniy boyliklari yoʻqolib ketishiga sabab boʻlgan.

    Mazkur holat yuzasidan sud hukmi oʻqildi. Sudlanuvchi JKning tegishli moddalari bilan aybli deb topilib, unga uzil-kesil 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan, 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.