баннер
22 Mar 2025
03:03

    Ozoda Nursaidova klipini suratga olish jarayonida yana bir piyodani mashina urib yuborgan — Poytaxt IIBB

    Toshkent shahri IIBB Ozoda Nursaidovaning klipini suratga olish jarayonida “Mercedes-Benz” model Sabrina Jabborovadan tashqari klip jarayonida ishtirok etayotgan yana bir qizni ham urib ketganini maʼlum qildi.

    Poytaxt IIBBning maʼlum qilishicha, 2024-yilning 7-noyabr kuni soat taxminan 13:00 larda Mirzo Ulugʻbek tumani, Yangi Oʻzbekiston koʻchasida joylashgan avtoturargohlarning birida, haydovchi voyaga yetmagan 2008-yilda tugʻilgan S.P. “Mercedes Benz“ rusumli, davlat raqam belgisi 01 Q 555 BB boʻlgan avtomashinada harakatlanib, 2 nafar piyodani (2003-yilda tugʻilgan J.S. va 2006-yilda tugʻilgan Sh.E.) urib yuborgan.

    Natijada jabrlanuvchilar shifoxonaga olib borilgan. Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasiga koʻra, fuqaro Sh.E. ning holati ogʻirlik darajasi boʻyicha yengil tan jarohati, fuqaro J.S. esa “ogʻir“ tan jarohati deb baholangan.

    Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish“) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Hozirda dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, tegishli tartibda sudga yuborish chorasi koʻrilmoqda.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech