Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov vazirlikning telegram kanalida aholining vaksinatsiya bilan bogʻliq xavotirlari oʻrinsiz ekani, bu jarayonda hammamiz faol qatnashishimiz lozimligini targʻib qiluvchi fikrlarini bayon etdi.
— Xabaringiz bor, joriy yilning 3-iyul kuni Covid- 19 virusiga qarshi vaksina qabul qilgan edik.
Ayni paytda, vaksinaning takroriy bosqichini qabul qilishdan avval toʻlaqonli shifokor koʻrigidan oʻtdik va emlandik.Shuningdek, toʻliq emlanganlik haqidagi sertifikatni ham qoʻlga kiritdik. Avval ham aytganimizdek, vaksinaning birinchi bosqichini olganimizga 20 kundan oshgan boʻlsa, sogʻligʻimiz bilan bogʻliq hech qanday bezovtali holatlar yuz bermadi.
Tibbiyotda maʼlum boʻlishicha, inson organizmi bir-biridan farqlangani bois, vaksinatsiya jarayoni har kimda har xil kecharkan.
Shu nuqtayi nazardan hali hamon koʻpchilik yurtdoshlarimizda hadiksirash, qoʻrquv ustunlik qilmoqda.
Xalqimizga shuni aytmoqchimanki, vaksina- virusni yengishning yagona chorasi ekan, vaqtni boy bermang. Virusga qarshi emlanib, oʻzingiz va yaqinlaringizga cheklovlarsiz, odatiy yashash tarziga qaytishiga koʻmaklashing, — deydi Ozodbek Nazarbekov.