“Ozodlik” radiosida chop etilgan maqolaga rasmiy munosabat bildirildi

    Sport 21 Iyul 2021 756

    Milliy Olimpiya qoʻmitasi “Ozodlik” radiosining oʻzbek xizmati tomonidan 21-iyul kuni eʼlon qilingan “Tokioga yoʻl olgan oʻzbek yengil atletikachilari prezident vaʼda qilgan mukofot pulini kutmoqda” sarlavhali maqola yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

    Oʻzbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlash boʻyicha Respublika komissiyasi qaroriga muvofiq, Olimpiadada ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritgan sportchiga 100 million soʻm, uning murabbiysiga esa 50 million soʻm bir martalik ragʻbatlantirish puli berilishi belgilangan.

    Ushbu hujjatga asosan, 17 sport turi boʻyicha 71 ta litsenziyani qoʻlga kiritgan milliy terma jamoa vakillaridan 64 nafariga 100 million soʻmdan hamda ularning murabbiylariga 50 million soʻmdan bir martalik ragʻbatlantirish puli taqdim etildi.

    “Ozodlik” maqolasida ilgari surilgan “Olimpiya qoʻmitasi va Yengil atletika federatsiyasi rahbariyati turli bahonalar bilan yengil atletikachilar va ularning murabbiylariga Prezident qarorida belgilangan ragʻbat puli berilmayapti”, mazmunidagi daʼvo haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.

    Birinchidan, Tokio olimpiadasida Oʻzbekiston sharafini himoya qiluvchi yengil atletikachilardan 7 nafari Olimpiya oʻyinlarida qatnashish normativlarini bajargani va litsenziyalarni qoʻlga kiritgani Xalqaro yengil atletika federatsiyasi tomonidan rasman 1-iyul kuni tasdiqlangan. Joriy yilning 4-iyuldan 5-iyulga oʻtar kechasi yengil atletchilar Olimpiya oʻyinlariga yakuniy tayyorgarlik bosqichini amalga oshirish, oʻquv mashgʻulot yigʻinlarida ishtirok etish uchun Turkiya Respublikasiga joʻnab ketgan.

    Ikkinchidan, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi Milliy Olimpiya qoʻmitasiga murojaat qilib, litsenziyalarni qoʻlga kiritgan sportchilar bugungi kunda Tokioda boʻladigan Olimpiya oʻyinlariga jiddiy tayyorgarlik koʻrishi kerakligini inobatga olib va pandemiya sharoitidan kelib chiqib, sportchilar sogʻligini saqlash uchun turli ommaviy tadbirlarga jalb qilmaslik, muhim mashgʻulotlardan chalgʻitmaslik maqsadida ularga hamda murabbiylariga beriladigan bir martalik mukofot pullarini Olimpiya oʻyinlaridan qaytgach, tantanali ravishda topshirishni iltimos qilgan.

    Shunday boʻlishiga qaramay, Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo oʻyinlari hamda jahon chempionatlarida yuksak natijalarga erishgan, nufuzli xalqaro sport musobaqalarida Vatanimiz bayrogʻini baland koʻtarib kelayotgan sportchilar va ularning trenerlarini ragʻbatlantirish maqsadida olimpiya yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan tegishli sportchilar qatori yengil atletikachilardan Svetlana Radzivil Milliy olimpiya qoʻmitasi va Toshkent shahar xokimligi tomonidan 100 million soʻmdan jami 200 million soʻm, murabbiysi Milliy olimpiya qoʻmitasi tomonidan 50 million soʻm, Sadullayeva Safina Sirdaryo viloyati xokimligi tomonidan 100 million soʻm, Xodjayev Suxrob Toshkent shahar xokimligi tomonidan 100 million soʻm, Reznichenko Darya Toshkent shahar xokimligi tomonidan 100 million soʻm pul mukofotlari bilan (plastik kartalariga pul tushirish orqali) taqdirlangan.

    Ayni paytda qolgan yengil atletchilar va ularning murabbiylariga ushbu mablagʻlarni berish choralari koʻrilmoqda.

    Bundan tashqari, mamlakatimizda sportchi va trenerlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda ularning salomatligini yana-da mustahkamlashning noyob tizimi yaratilgan. Xususan Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 30-oktyabrdagi 878-son qarori bilan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlariga belgilangan miqdorda umrbod oylik toʻlovlar toʻlash hamda ularning salomatligini sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalarida mustahkamlash tartibi belgilab qoʻyilgan.

    Maʼlumot oʻrnida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-iyundagi PQ-5160-son qaroriga asosan, Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida oltin medal olgan sportchilar uchun 200 ming, kumush medal uchun 100 ming va bronza medali uchun 50 ming AQSH dollari berilishi ham koʻzda tutilgan.

    Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati