Davlat organlari zimmasidagi vazifa va funksiyalarni bajarishda yuzaga keladigan korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash tizimini takomillashtirish hamda davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Shularni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonuni talablari hamda Prezidentning 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati hamda uning tizim tashkilotlarida komplayens-nazorat boʻlimlari tashkil etilib, ular malakali kadrlar bilan taʼminlandi.

Talabgorlarni tanlab olish jarayonida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida tanlov eʼlon qilinib, nomzodlar bilan suhbat “onlayn” tarzda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimlari  ishtirokida oʻtkazildi. Ishga eng yaxshi natija koʻrsatgan nomzodlar qabul qilindi.

Yuqoridagi farmonning ijrosi doirasida komplayens-nazorat boʻlimi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, korrupsiyaga qarshi kurash, yetkazilgan zararni hisoblash va tegishli tartibda undirish, aybdorlarga nisbatan qonuniy choralar koʻrish boʻyicha salmoqli ishlari olib borilmoqda.

Xususan, joriy yilning oʻtgan 9 oyida komplayens-nazorat boʻlimi tomonidan joylarda oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida masʼuliyati cheklangan jamityalar tomonidan 109 holatda 9,1 milliard soʻmlik moliyaviy xatoliklar va korrupsion holatlarga yoʻl qoʻyilgani aniqlangan.

Bugungi kunda 55 holat boʻyicha 3 milliard soʻmlik Jamiyat mulki qaytarilgan. Shuningdek, 42 holat boʻyicha 7,4 milliard soʻmlik hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan boʻlib, Jamiyatga yetkazilgan moliyaviy zararni aybdor shaxslardan undirish choralari koʻrilmoqda.

Birgina misol: Namangan viloyati Uychi tumani “Gulbogʻ” MFYda joylashgan “Suv tozalash” bino-inshootlari yagona taʼsischining kelishuvisiz, utilizatsiya qiymatidan kelib chiqib, jamiyat sobiq rahbar xodimlari tomonidan auksion orqali 25,2 million soʻmga sotib yuborilgani aniqlangan boʻlib, qayta baholash natijasida bino-inshootlarning bugungi kundagi qiymati 1,8 milliard soʻmga baholangan.
Yana bir misol. Kuni-kecha Surxondaryo viloyatida aniqlangan holat: “Surxondaryo suv taʼminoti” MCHJning Jarqoʻrgʻon tuman boʻlimi isteʼmolchilar xizmati boʻlimining yuridik shaxslar bilan ishlovchi muxandis-inspektori oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda, hududdagi MCHJlardan birining boshligʻidan suv oʻlchagichsiz ichimlik suv tarmogʻiga ulab olganligi uchun unga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik va jarimaga tortmaslik evaziga 2,5 million soʻm pora talab qilib, pullarni olayogan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Komplayens-nazorat boʻlimi xodimlari tomonidan 1397 ta tovar-moddiy boyliklari xaridi bilan bogʻliq shartnoma hujjatlari oʻrganilgan boʻlib, 587 holatda 15,1 milliard soʻmlik shartnomalar “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonun talablariga rioya etilmagan holda toʻgʻridan-toʻgʻri rasmiylashtirilgani aniqlangan.

Bundan tashqari, yuqorida koʻrsatilgan davr mobaynida 36 ta manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq holatlar aniqlanib, bugungi kunga qadar ularning 23 tasi bartaraf etilgan, 2 tasi chora koʻrish uchun joylardagi odob-axloq komissiyalariga chiqarilgan.

Boʻlim tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan korrupsiya bilan bogʻliq jami 89 murojaatning 85 tasi ijobiy hal etilgan boʻlib, 4 tasi hal etish jarayonida.

Bundan koʻrinib turibdiki, korrupsiyaning har qanday koʻrinishlarining oldini olish, sohada ushbu illatni toʻliq yoʻq qilish, aniqlangan korrupsiyaviy holatlar yuzasidan zarur choralar koʻrish, shuningdek, sohaga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga toʻliq rioya etilishini taʼminlash masalalari “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyatining doimiy diqqat markazida boʻlib, Jamiyat tomonidan xodimlar oʻrtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, tizimda ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini qaror toptirish boʻyicha barcha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.