Qayd etilishicha, mazkur ombor hududiy bojxona vakillari yordamida tashkil etilgan boʻlib, zamonaviy infratuzilma va xavfsizlik tizimlari bilan jihozlangan. Ombor nafaqat yuklarni vaqtincha saqlash, balki ularga tegishli bojxona operatsiyalari hamda multimodal tashuvlarni amalga oshirish imkoniyatini ham beradi.
Shuni taʼkidlab oʻtish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasi bilan hamkorlikda “Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJ tomonidan 2020-yildan boshlab Rouston, Margʻilon, Qoʻqon, Jizzax, Ulugʻbek, Termiz, Buxoro logistika markazlarida tashkil etilgan umumiy maydoni 15 000 kv.m ochiq turdagi va 6 200 kv.m yopiq turdagi bojxona omborlari orqali yuklarni ortish, tushirish, saqlash va bojxona koʻrigidan oʻtkazish kabi xizmatlar samarali tashkil etib kelinmoqda.