Xabarda taʼkidlanishicha, talabalar tomonidan sotib olingan chiptalarni almashtirish tizimi 2021-yil 07-yanvardan boshlab joriy etilgach, koʻplab hududiy temir yoʻl kassalarida talabala-oʻquvchilarning gavjum holati kuzatilmoqda.
Yurtimizda karantin cheklovlari hali bekor qilinmagan sharoitida bunday yigʻilishlarga yoʻl qoʻyib boʻlmasligi maʼlum qilindi.
«Hurmatli oliy va professional taʼlim muassasalari, akademik litseylar talaba-oʻquvchilari! Qishki taʼtilning 24-yanvargacha uzaytirilishi munosabati bilan, barcha hududiy temir yoʻl kassalariga murojaat qilishda kerakli karantin talab va meʼyorlariga rioya etishingizni soʻraymiz!
Eslatib oʻtamiz, respublikamizdagi barcha temir yoʻl kassalari kechayu kunduz ishlaydi va chiptalar hech qanday qoʻshimcha toʻlovlarsiz almashtiriladi. Xarid qilingan barcha chiptalar almashtirilib, hech kim joysiz qolmaydi, chunki barcha poyezdlarda chiptalarni qayta rasmiylashtirish uchun kerakli miqdordagi oʻrindiqlar mavjud. Bundan tashqari, zarurat chora sifatida qoʻshimcha poyezdlar yoʻlga qoʻyiladi!», deyiladi Axborot-tahliliy media markazi xabarida.