“Oʻztransgaz” aholiga murojaat yoʻlladi

    Sanoat 27 Noyabr 2020 1045

    “Hududgaztaʼminot” taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, smart dasturlar orqali baʼzi abonentlarning bir oyda 7 ming kub metrgacha gaz isteʼmol qilishi aniqlangan. Vaholanki, ushbu uylarni gazlashtirish texnik loyihalariga koʻra, bu koʻrsatkich 1000 metr kubdan oshmasligi kerak.

    Bu haqda AOKAda tashkil qilingan “Oʻztransgaz” AJ axborot xizmati rahbari Shahnoza Ravshanova ishtirokida oʻtgan brifingda maʼlum qilingan.

    Isteʼmolchilar tomonidan tabiiy gazning ortiqcha isteʼmol qilinishi bilan bogʻliq shu kabi ayrim holatlar qoʻshni xonadon, yaqin atrofdagi mahallalar va umuman tumanlarning tabiiy gaz bilan taʼminlanishiga salbiy taʼsir qilmoqda.

    Shuningdek, qator tumanlarda yakka tartibdagi uy xoʻjaliklari tomonidan parrandachilik xonalari, issiqxonalarni isitish, yashirin ohak pechlarini yoqish yoki oʻsha manzillardagi xonadonning gazlashtirish loyihasiga kiritilmagan qoʻshimcha gaz uskunalaridan foydalanilishi oqibatida tabiiy gazni meʼyordan ortiq sarflash holatlari aniqlangan.