Panama rahbariyati BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga AQSh Prezidenti Donald Trampning Panama kanaliga egalik qilish va uni AQSh nazoratiga qaytarish niyati haqidagi bayonotlarini rad etishini bildirgan maktub yo'lladi. Bu haqda Lotin Amerikasi mamlakati tashqi ishlar vazirligi saytida xabar berildi.
“Panama Prezident Donald Trampning inauguratsiya marosimidagi nutqi chog'ida AQSh Panama kanalini qaytarib olishni va'da qilgan bayonotlari yuzasidan maktub yo'lladi. Panamaning Nyu-Yorkdagi BMTdagi elchisi Eloy Alfaro de Albaning tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrishga yo'llagan maktubida BMT Nizomiga muvofiq, davlatlar o'z munosabatlarida har qanday davlatning hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatish tahdidi yoki qo'llashdan tiyilishi kerakligini eslatdi”, deyiladi boshqarma bayonotida.
Tramp dushanba kuni AQSh Kongressining markaziy zali Rotundada – o'zining inauguratsiya nutqida yana bir bor Panama kanalini “qaytib olish” niyatini bildirdi. Uning ta'kidlashicha, kanal nazoratini Panamaga qaytarish “hech qachon berilmasligi kerak bo'lgan ahmoqona sovg'a”. Trampning fikricha, “Xitoy Panama kanalini nazorat qilyapti”.
1914-yilda ochilgan Panama kanali AQSh tomonidan qurilgan va nazorat qilingan. 1977-yilda Torrixos-Karter shartnomasi kanalni Panamaga bosqichma-bosqich o'tkazib berishni nazarda tutardi va u 1999-yilda amalga oshdi. Shartnoma kanalning betarafligini va jahon savdosiga ochiqligini ko'zda tutgan. Bugungi kunda u global iqtisodiyot uchun muhim yo'nalish va AQSh manfaatlarining asosiy obyektlaridan biri bo'lib qolmoqda, deb xabar beradi tass.ru.