Pandemiya davrida maktablarda xavfsiz muhit yaratish muhim vazifa

    Salomatlik 20 Oktabr 2020 580

    Sogʻliqni saqlash vazirligi BMTning Bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF) bilan hamkorlikda COVID-19 pandemiyasi davrida maktablarda oʻquvchilar, ularning ota-onalari va oʻqituvchilar uchun xavfsizlik tartiblariga amal qilish boʻyicha muhim koʻrsatmalar, milliy meʼyorlar va qoidalarni aks ettirgan tarqatma targʻibot materiallarini ishlab chiqdi.

    Bugun Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Basitxanova ushbu materiallarni Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatovga topshirdi.

    Tarqatma materiallarni topshirish marosimida YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade hamda vakolatxonaning Sogʻliqni saqlash boʻlimi rahbari Sufang Guo ishtirok etdi.

    Tadbirda taʼkidlanganidek, YUNISEFning texnik koʻmagi bilan oʻzbek va rus tillarida maktab rahbariyati uchun 20 ming nusxada qoʻllanma hamda oʻqituvchi, oʻquvchi va ota-onalar uchun 223 ming nusxada poster chop etildi. Maktablarda xavfsiz muhitni yaratishga bagʻishlangan qoʻllanma va axborot materiallari oddiy va tushunarli shaklda ishlab chiqilgan boʻlib, ular oʻqituvchilar, ota-onalar hamda oʻquvchilarni oʻz salomatligini asrashga oʻrgatib, ularda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.

    Shuningdek, YUNISEF tomonidan pandemiya davrida maktabga borish qoidalari, qoʻllarni toʻgʻri yuvish va nafas olish gigiyenasi boʻyicha oʻzbek, rus va qoraqalpoq tillarida animatsion videoroliklar ham taqdim etildi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.