Pandemiya davrida OIV, sil va bezgakdan o‘lim ko‘rsatkichlari ortgan

    JSST pandemiya davrida dunyo bo‘ylab OIV, sil va bezgakdan o‘lim ko‘rsatkichlari ortganini maʼlum qildi. Bu haqda SSV yozmoqda.

    Koronavirus pandemiyasi avj olgan davrda dunyoning aksariyat davlatlari asosiy eʼtiborni ushbu kasallikni jilovlashga qaratdi. Oqibatda boshqa yuqumli xastaliklar profilaktikasi va muolajasida qator oqsoqliklar yuzaga keldi.

    Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesusning taʼkidlashicha, so‘nggi yillarda Yer yuzi bo‘yicha OIV, bezgak va silga qarshi kurash borasida “ildam qadam”lar to‘xtagan yoki ortga ketgan.

    Global jamg‘arma ijrochi direktori Piter Sends ham ushbu xulosalarni tasdiqlar ekan, pandemiya tufayli 2021 yilda OIV, sil va bezgak oqibatida hayotdan ko‘z yumganlar soni sezilarli darajada oshganini qayd etdi.

    Qolaversa, ushbu davrda jahonda OIVga tekshiruvlar soni 41 foizga, sil kasalligini aniqlash, davolash va oldini olishga qaratilgan murojaatlar ko‘rsatkichi esa 56 foizga kamaygan. Bu holat ko‘proq past va o‘rta daromadli mamlakatlarda kuzatilmoqda.

    Shu bois, JSST yuqumli kasalliklarga qarshi immunizatsiya jarayonini kuchaytirish lozim, degan xulosada.