Pandemiya qachon tugaydi? Oʼzbekiston Sogʼliqni saqlash vazirligi pandemiyaning tugashini ortga surilishiga sabab boʼlayotgan omillarni shunday izohladi:
Toʼgʼri, muammo — oʼta global. Аmmo unga allaqachon samarali yechim topilgan. Faqat hamjihatlik yetishmayapti. Virusning “urchishi”ga sharoit yaratib berayotgan omil esa — loqaydlik.
Masalan, Yaponiya kasallikka chalinish va oʼlim koʼrsatkichlari boʼyicha dunyo mamlakatlari orasida 29-oʼrinda turibdi. Hatto avgust oyi soʼnggi haftasida bu yerda kuniga 25 mingdan ziyod holat qayd etilgandi.
Аmmo yaponlar emlanish eng toʼgʼri chora ekanligiga ishonch hosil qilishdi. Shu tariqa hozirgacha “kunchiqar yurt” aholisining qariyb 77 foizi barcha bosqichda toʼliq emlanib boʼldi.
Natijada 126 million kishi yashaydigan mamlakatda soʼnggi kunlarda kasallanish koʼrsatkichlari keskin kamayib, 44 tani tashkil etyapti. Muhimi, oʼlim holatlari qayd etilgani yoʼq.
Buyuk Britaniyaning Reading universiteti professori Yan Jons ham Yaponiyaning “virusni jilovlash” tajribasi haqida toʼxtalib, buni mamlakatda vaktsinatsiya jarayonlari uyushqoqlik bilan oʼtkazilayotgani bilan izohladi.
Ommaviy immunitetning ahamiyati haqida Moskvadagi N.F.Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya milliy tadqiqot markazi direktori Аleksandr Gintsburg ham yakdil xulosada. U "aholining 70-75 foizida kerakli miqdordagi antitanachalar mavjud boʼlsa, koronavirus infektsiyasi bilan bogʼliq vaziyat barqarorlashib, pandemiya tugaydi" degan fikrda. Buning uchun mamlakatda emlash tezligini 3-4 barobar oshirish zarur, deb hisoblaydi olim.
Germaniya sogʼliqni saqlash vaziri Yens Shpan ham mamlakatda pandemiyaning yangi toʼlqini keskin avj olayotganidan xavotirlanib, bu borada bayonot bilan chiqdi.
Uning soʼzlariga koʼra, butun mamlakat aholisi qish mavsumi oxirigacha yo toʼliq emlanadi yo infektsiyaning oʼta ogʼir oqibatlari bilan yuzlashadi. Shu bois vazir barcha nemislarni koronavirusga qarshi tezroq emlanishga chaqirdi.
"Bugun Oʼzbekistonda epidemiologik vaziyat barqaror. Kasallikning yangi toʼlqini avj olmasligi uchun zarur choralar koʼrilmoqda. Biroq yurtdoshlarimiz orasida hali ham vaktsina olishni paysalga solayotganlar koʼp ekan, pandemiyaning tugashi masalasi yechimi tobora ortga surilaveradi", deyiladi vazirlik Matbuot xizmati xabarida.