2020-yil 29-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida odam savdosiga qarshi kurashish borasida erishilgan yutuqlar, mavjud muammolar, bu borada davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik masalalari muhokamasiga bagʻishlangan xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi. Ushbu onlayn tadbir 30-iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tashkil etildi.

Davra suhbati tashkilotchilari Oliy Majlis Senati, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz, Bosh prokuratura, shuningdek BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi hamda YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva tadbirni ochib berar ekan, ushbu xalqaro davra suhbatining bosh mavzusi etib belgilangan odam savdosiga qarshi kurash masalasi Oʻzbekistonda davlat siyosati darajasiga koʻtarilganini taʼkidladi. Oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil etilgani buni yaqqol tasdiqlaydi.

Bugungi kunda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining pozitsiyasini yaxshilashga, shuningdek qabul qilinayotgan choralarning samaradorligini yana-da takomillashtirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”) hamda 2019-2020-yillarda odam savdosiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiya tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Mazkur “Yoʻl xaritasi” va rejada belgilangan vazifalar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov odam savdosi – dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida millionlab insonlarning hayotiga daxl qiluvchi va ularning insoniy qadr-qimmatini kamsitayotgan global muammo ekanini qayd etdi. Odam savdosi – jiddiy jinoyat va inson huquqlarining qoʻpol buzilishidir. Ushbu xavf odam savdosi jabrdiydalari kelib chiqadigan davlat yoki uni qabul qiluvchi davlat boʻlishidan qatʼi nazar, barcha mamlakatlarga taalluqli hisoblanadi.

2013-yilda 30-iyul – BMT tomonidan Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni deb eʼlon qilingan. Bugungi kunda BMT va uning tuzilmalari, YEXHT, Islom hamkorlik tashkiloti, boshqa tashkilotlar va davlatlar odam savdosiga qarshi kurashishga katta eʼtibor qaratmoqda.

Butun dunyo boʻylab tarqalgan koronavirus pandemiyasi sharoitida ham Oʻzbekiston odam savdosiga qarshi kurashish borasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda. Shu bilan birga, odam savdosiga qarshi kurashish masalasi nafaqat davlat organlari, balki fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborotlari, taʼlim muassasalari zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi.

Tadbir davomida COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda erishilgan natijalar xususida soʻz yuritildi. Koronavirus inqirozi sharoitida odam savdosining yangi turlari paydo boʻlishi omillari hamda oqibatlari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa tegishli muassasalar xodimlari uchun moʻljallangan odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi oʻquv dasturlarini yana-da takomillashtirish boʻyicha olib borilgan tadqiqotning ilk natijalari koʻrib chiqildi. Bu borada amaliy tavsiyalar berildi.

Bola savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha kichik komissiyalarning faoliyati, odam savdosidan jabr koʻrganlarga milliy darajada reabilitatsiya xizmatlarini koʻrsatishni tashkil etish, Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan odam savdosidan jabrlanganlarga amaliy yordam koʻrsatish ishlarining samaradorligi masalalariga eʼtibor qaratildi.

Xalqaro davra suhbati yakunida bu boradagi amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirishda oʻzaro tajriba va fikr almashish muhimligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.