Kecha Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining COVID-19 boʻyicha favqulodda vaziyatlar qoʻmitasi yigʻilishida shu haqda soʻz bordi.

Unda keltirilishicha, oʻtgan haftada koronavirus tufayli dunyoda qayd etilgan oʻlimlar soni ikki yil ichidagi eng past koʻrsatkichga teng boʻlgan. Ammo bu pandemiya tugashini anglatmaydi.

“Kasallikning yuqish surʼati yuqori, emlash darajasi esa aksariyat mamlakatlarda juda pastligicha qolmoqda, — deydi JSST rahbari Tedros Gebreyesus. — Karantin bilan bogʻliq cheklovlarning yumshatilishi infeksiyalar keng tarqalishi va yangi shtammlar paydo boʻlishi xavfini oshiradi. Shunday ekan, pandemiya tugashiga hali erta”.

Shuningdek, T. Gebreyesus pandemiyaning hozirgi bosqichida uch omil “oʻta muhim”ligini taʼkidladi. Birinchi faktor sifatida aholining karantin bilan bogʻliq ijtimoiy cheklovlardan bezib qolgani keltirildi.

Ikkinchi omil — ilk bosqichda emlangan yoki xastalikni boshdan kechirganlarda hosil boʻladigan immunitet qancha davom etishi nomaʼlumligicha qolayotgani.

“Va nihoyat, uchinchi omil — biz virus qanday rivojlanishini bashorat qila olmaymiz”, — dedi Gebreyesus.

JSST rahbarining asosiy tashvishi dunyo boʻylab emlanmagan tibbiyot xodimlari va boshqa xavf guruhiga mansub aholi qatlami koʻpligidir.

Uning eslatishicha, yuqori daromadli mamlakatlar fuqarolari allaqachon toʻrtinchi dozada emlana boshlagan. Ammo dunyo aholisining uchdan bir qismi hali vaksinaning birinchi dozasini ham olmagan. Afrikada yashovchilarning esa 83 foizi umuman emlanmagan, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.