Ushbu tadbir COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan joriy etilgan cheklovlar sharoitida inson huquqlarini himoya qilish mavzusiga bagʻishlandi.

Onlayn davra suhbatida Oʻzbekistonning COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish jarayonida inson huquqlarini taʼminlashga oid milliy choralarni amalga oshirish borasidagi ijobiy saboqlari muhokama qilindi.

Milliy muloqot doirasida maʼruzachilar Oʻzbekistonning bu boradagi tajribasidan kelib chiqadigan xulosa va tavsiyalar hamda global istiqbol masalalari xususida atroflicha fikr yuritdilar.

Uchrashuvda BMTning karantin choralari boʻyicha qabul qilgan soʻnggi yoʻriqnomalar ham muhokama qilindi. Jumladan, 2020-yil 19-martda tasdiqlangan “Koronavirus (COVID-19) kasalligi tarqalishini tiyib turish sharoitida alohida shaxslarni karantinga joylashtirish prinsiplari boʻyicha JSST Yoʻriqnomasi” haqida soʻz bordi.

Mazkur Yoʻriqnomada qayd etilganidek, koronavirus pandemiyasi tarqalayotgan sharoitda jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda ish olib borish muhim ahamiyatga ega. Karantinga joylashtirilgan shaxslarga tibbiy, moliyaviy, ijtimoiy va ruhiy-maʼnaviy yordam koʻrsatilishi lozim. Ularning asosiy ehtiyojlari, jumladan, oziq-ovqat, suv va boshqa shu kabi hayotiy zarur mahsulotlarga boʻlgan talablari qanoatlantirilishi zarur. Ayniqsa, aholining zaif qatlamlari talab-ehtiyojlariga ustuvor ahamiyat berilishi darkor.

Bundan tashqari, ishtirokchilar BMT inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasining COVID-19 bilan bogʻliq karantin masalasiga doir muhim bir tavsiyasini maʼlumot uchun qabul qildilar. Bu oʻrinda davlatlarning barcha kishilar, shu jumladan, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar bilan insoniylik asosida va inson qadr-qimmatiga hurmat koʻrsatgan holda muomala qilish majburiyatiga doir tavsiya haqida gap bormoqda.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash boʻyicha tibbiy va ijtimoiy chora-tadbirlar jamoatchilikning toʻliq ishtirokida amalga oshirilishi zarurligi JSST tomonidan qatʼiy tavsiya etilgan. Chunki inson huquqlari, jumladan insonning oʻz fikrini erkin ifoda etish va qarorlar qabul qilishda faol ishtirok etish huquqi hurmat qilinishi jamoatchilik sogʻligini saqlash siyosatining muhim omili hisoblanadi.

Milliy muloqot yakunida pandemiya karantini sharoitida inson huquqlarini himoya qilish borasida aniqlangan qiyinchiliklar boʻyicha davlat organlariga taklif etiladigan tavsiyalar ishlab chiqildi.

Helena Freyzer, BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi:

- Men Oʻzbekiston hukumatining oʻz ijobiy saboqlarini baham koʻrishga shayligini qoʻllab-quvvatlayman. Chunki karantin muassasalari tajribasi, shuningdek, mavjud holatni yana-da yaxshilash uchun tegishli sohalarni belgilab olish borasidagi ochiqlik diqqatga loyiqdir.

Elchi Jon MakGregor, YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi:

- Oʻzbekiston hukumatining COVID-19 pandemiyasi tarqalishiga barham berish borasidagi faol saʼy-harakatlarini yuqori baholayman. Karantin markazlari jamoatchilik sogʻligini saqlash borasida koʻrilgan choralar orasida oʻta muhim ahamiyat kasb etgani tayin. Chunki keyingi oyda barcha yangi kasallanish holatlarining aksariyat qismi aynan ushbu markazlarda aniqlangani shundan dalolat beradi. Xalqaro hamjamiyat, shubhasiz, bu tajribadan ibrat oladi.

Milliy muloqot doirasida YEXHT majburiyatlari, tegishli xalqaro-huquqiy majburiyatlar va ilgʻor tajribaga amal qilish uchun karantin markazlarini huquqiy boshqarishni qay tarzda yana-da kuchaytirish mumkinligiga taalluqli ochiq munozaralarni qoʻllab-quvvatlayman. Bu muloqotlar asnosida bildirilgan muayyan tavsiyalarning bajarilishi yuzasidan hukumat bilan hamkorlik qilishga tayyormiz.

Akmal Saidov, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori:

- Bugungi voqelik shundan dalolat beradiki, koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida tobora koʻproq mamlakatlar inson huquqlariga bevosita taʼsir qiladigan qatʼiy choralarni, jumladan, harakatlanish va shaxsiy hayot erkinligiga daxl qiladigan cheklovlarni qoʻllamoqda. Binobarin, favqulodda holat va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha karantin bilan bogʻliq boshqa har qanday chora-tadbirlar albatta inson huquqlarini himoya qilish prinsipiga tayanishi shart.

Umuman olganda, xalqaro tuzilmalar rahbarlari, xorijiy ekspertlar, mutaxassislar Oʻzbekistonda inson, uning hayoti, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat ekanini taʼkidlamoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi samarali kurashish, fuqarolarimizning munosib hayotini taʼminlash, infeksiya tarqalishini nazorat qilish, eng muhimi, minglab insonlar hayotini saqlab qolish, inqirozdan keyingi tiklanish va mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy sohaning barqaror rivojlanishiga yordam beradi.

Shubhasiz, Oʻzbekiston tajribasi pandemiyaga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etib, boshqa davlatlar uchun yorqin namuna vazifasini oʻtaydi.

Inson huquqlari boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati