Para pauerlifting: hamyurtlarimizda 7 ta medal, shundan 4 tasi oltin

    Dubay shahri mezbonligida o‘tayotgan para pauerlifting bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida qo‘lga kiritilgan oltin medallarimiz soni 4 taga yetdi.

    O‘g‘il bolalar o‘rtasida -88 kg vazn toifasida kechgan bahslarda ishtirok etgan hamyurtimiz Jasurbek Yo‘ldoshev 135 kg natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi.

    -55 kg vazn toifasi bahslarida ishtirok etgan vakilamiz Ruhshona O‘ktamova esa 95 kg natija bilan oltin medalga ega chiqdi. Quvonarlisi, sportchimiz ushbu natija orqali Osiyo rekordini ham yangilashga muvaffaq bo‘ldi.

    -59 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Firdavs Botirov 88 kg natija bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi.

    72 kg vazn toifasida bellashgan hamyurtimiz Umidjon Arzimatov 110 kg natija qayd etgan holda g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.

    Shu tariqa, O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 7 taga yetdi: 4 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza. Terma jamoamiz medallar jamg‘arish bo‘yicha Qozog‘iston, Ozarbayjon, Ukraina, Misr kabi davlatlarni ortda qoldirib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.