Mamlakatimiz dovrugʻini dunyoga tanitish borasida yoshlarning qoʻlga kiritgan yutuqlarini, ularning ibratli hayot tarzini targʻib qilish orqali mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuygʻularini kamol toptirish, yoshlarni parasport turlariga keng jalb qilish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-maydagi “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–5114-son qarorida belgilangan paralimpiya harakatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini amaliyotga bosqichma-bosqich tatbiq etish maqsadida:

1. Paralimpiyachilarning matonat maktabi(keyingi oʻrinlarda – Matonat maktabi) tashkil etilsin.

2. Quyidagilar Matonat maktabining asosiy vazifalari etib belgilansin:

a) yoshlar, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarning qoʻlga kiritgan yutuqlari, ularning ibratli hayot tarzini targʻib qilish sohasida:

taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari hamda mahallarda yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etib, paralimpiyachilarning oʻz hayot yoʻllarida qiyinchiliklarni qanday yengib oʻtganliklari haqida suhbatlar oʻtkazish;

jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar, ayniqsa, yoshlarda halollik, vijdoniylik, vatanparvarlik, sadoqat, fidokorlik singari shaxs sifatlarini, shuningdek, milliy gʻurur tuygʻularini shakllantirishga koʻmaklashish;

jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar, ayniqsa, yoshlar ijtimoiy hayotining turli masalalariga doir tashabbuslar bilan chiqish, davlat organlari va tashkilotlariga taklif va tavsiyalar kiritish;

ona Vatanimiz shuhratini dunyoga tarannum etish bilan bogʻliq eng muhim tushunchalar, hayotiy va professional koʻnikmalarni ilm-maʼrifat asosida yoshlarning qalbi va ongiga singdirib borish;

yoshlarga yuqori natijalarga erishgan shaxslarni oʻrnak qilib koʻrsatish orqali ularni matonatli etib tarbiyalash, shu maqsadda ilmiy-amaliy anjumanlar, savol-javob, kitobxonlik kechalari, mashhur kishilar bilan uchrashuvlar tashkil etish;

yoshlarda qadimiy tariximiz va madaniyatimiz bilan, jonajon Vatanimizning mustaqilligi va ravnaqi yoʻlida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz bilan faxrlanish, ularga munosib boʻlish tuygʻusini shakllantirishga koʻmaklashish;

b) yoshlarni parasport turlariga keng jalb qilish sohasida:

oʻsib kelayotgan yosh avlodni paralimpiya sport turlariga jalb etish, ularni “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” gʻoyasi atrofida birlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida maxsus taʼlim muassasalarida hamda mahallalarda jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini oʻtkazishda qatnashish;

iqtidorli yoshlarni tanlab olish, ularni parasport turlariga yoʻnaltirish hamda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, jamiyatda munosib oʻrin egallashlarini ragʻbatlantirish;

yoshlarning xalqaro parasport tadbirlari va musobaqalari, forum va konferensiyalardagi ishtirokini taʼminlashga koʻmaklashish.

3. Belgilansinki:

Matonat maktabi Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan holda tashkil qilinadi;

Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi bir vaqtning oʻzida Matonat maktabiga rahbarlik qiladi;

Matonat maktabi faoliyatini moliyalashtirish manbalari boʻlib Davlat byudjeti mablagʻlarihamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi;

Matonat maktabining tashkil etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasiga qoʻshimcha 2 ta shtat birligi ajratiladi;

Matonat maktabiga hududlarga borib kelish va tadbirlarda ishtirok etish uchun 1 ta yengil avtomobil, 1 ta avtobusni xarid qilish uchun mablagʻlar va ularni saqlash uchun limit ajratiladi.

4. Paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha respublika kengashiParalimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish va paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi etib qayta nomlansin va uning yangilangan tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Belgilab qoʻyilsinki:

Matonat maktabining yoshlar, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarning qoʻlga kiritgan yutuqlari, ularning ibratli hayot tarzini targʻib qilish sohasidagi faoliyati Mudofaa vazirligitomonidan muvofiqlashtiriladi;

Matonat maktabining yoshlarni parasport turlariga keng jalb qilish sohasidagi faoliyati Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Mudofaa vazirligi (B.Kurbanov) va Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) Matonat maktabining asosiy vazifalari samarali va toʻliq roʻyobga chiqarilishida Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasiga yaqindan koʻmaklashsin.

6. Matonat maktabi faoliyatini tashkil qilishning quyidagi tartibi joriy qilinsin:

a) har yili 1-dekabrga qadar Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish va paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi tarkibiga kiritilgan vazirlik, idora, hokimliklar va jamoat tashkilotlari tegishli namuna boʻyicha ishlab chiqilgan kelgusi yil davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasiga taqdim etadi;

b) Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi Mudofaa vazirligi va Sportni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda chora-tadbirlar rejalarini Matonat maktabining asosiy vazifalari, mazkur qarorning 5-bandida koʻzda tutilgan yoʻnalishlar, shuningdek, boshqa dolzarb masalalarni hisobga olgan holda umumlashtiradi hamda kompleks reja loyihasini tayyorlaydi;

v) Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi har yili 20-dekabrga qadar kompleks reja loyihasini koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun, shuningdek, qabul qilingan kompleks rejaning ijrosi boʻyicha yigʻma axborotni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

g) Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish va paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi (A.N.Aripov):

vazirliklar, idoralar, hokimliklar va boshqa tashkilotlarning mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosi haqidagi hisobotlarinieshitadi;

Kengash yigʻilishida kompleks reja loyihasini koʻrib chiqadi va har yili 1-fevralga qadar tasdiqlaydi;

Matonat maktabi faoliyatini samarali tashkil etishda barcha vazirlik, idora, hokimlik va jamoat tashkilotlarining oʻzaro hamkorligini taʼminlaydi;

d) Mudofaa vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi bilan birgalikda kompleks reja ijrosi ustidan doimiy nazorat olib boradi.

7. Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish va paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi (A.N.Aripov) uch hafta muddatda Matonat maktabida 2022-yil davomida quyidagilar amalga oshirishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin va uning tizimli ravishda amalga oshirilishini taʼminlasin:

a) Mudofaa vazirligi (B.Kurbanov) tomonidan:

yoshlarning, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarning ongu tafakkuriga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini, milliy armiyamiz bilan faxrlanish, davlat xavfsizligini himoya qilish uchun masʼuliyat tuygʻusini chuqur singdirish;

yoshlarga mamlakatimizning mudofaa salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun va mohiyatini tizimli ravishda yetkazish hamda dunyoda sodir boʻlayotgan globallashuv jarayonlariga nisbatan ularda ongli munosabat va faol hayotiy pozitsiyani shakllantirish, burchga sadoqat, masʼuliyat, fidoyilikni oshirish;

yoshlarning, shu jumladan, paralimpiyachilarning harbiy qismlarga ekskursiyalar va koʻrgazmali tashriflarini tashkil etish;

Vatan ozodligi yoʻlida qahramonlik koʻrsatgan buyuk ajdodlarimiz va jasur zamondoshlarimizning ibratli hayotini keng targʻib etish asosida yoshlarda “Yangi Oʻzbekiston – yangi gʻalabalar sari” degan hayotiy eʼtiqodni qaror toptirish;

b) Milliy gvardiya (R.Djurayev) tomonidan:

terrorizmga qarshi kurashishda hamda terrorchilik harakatlarining oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etib, mardonavor halok boʻlgan askarlarning ibratli hayotini keng targʻib etish;

yoshlarning, shu jumladan, paralimpiyachilarning Temurbeklar maktablari, oliy harbiy taʼlim muassasalari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning maxsus guruhlari va harbiy qismlarga ekskursiyalar va koʻrgazmali tashriflarini tashkil etish;

“Mard oʻgʻlon” davlat mukofotiga sazovor boʻlgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashuvlar oʻtkazish, ular erishgan yutuq va natijalarni yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilish;

“Temurbek vorislari” harbiy-sport oʻyinlarini bosqichma-bosqich tashkil etish, ularga jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarni jalb qilish;

v) Kinematografiya agentligi(F.Abduxalikov) tomonidan:

yoshlarga moʻljallangan badiiy, multiplikatsion va qisqa metrajli filmlar ishlab chiqarilishini kengaytirish;

yoshlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy, ilmiy va ijtimoiy islohotlardagi ishtirokini aks ettiradigan va daxldorlik tuygʻusini shakllantiradigan turli janr va mavzularda filmlar yaratish;

yoshlarning sportga kirib kelishidan boshlab ularning yuqori natijalarga erishish yoʻli, nufuzli musobaqalardagi ishtiroki va bugungi kundagi hayoti toʻgʻrisida qisqa metrajli badiiy va hujjatli filmlar, videoroliklar tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlash;

yoshlar hayoti, ularning orzu-intilishlari, oʻy-havaslarini ifodalovchi filmlar ishlab chiqarilishini tashkil etish;

tayyorlangan filmlarni yoshlar orasida keng targʻib va tashviq qilish choralarini koʻrish;

g) Yoshlar ishlari agentligi (A.Saʼdullayev) tomonidan:

yoshlarda, xususan uyushmagan yoshlarda tarixiy xotira, milliy gʻurur va oʻzlikni anglash, roʻy berayotgan voqealarga daxldorlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuygʻularini shakllantirish;

yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning zamonaviy kasblarni egallashga boʻlgan intilishini qoʻllab-quvvatlash;

isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ular oʻz ijodiy va intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarishlari uchun shart-sharoitlar yaratish;

yoshlar, xususan uyushmagan yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi madaniyatini shakllantirish, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishga keng jalb qilish;

yoshlarni, xususan uyushmagan yoshlarni diniy-ekstremistik va boshqa buzgʻunchi tashkilotlar taʼsiridan, chetdan “ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan salbiy taʼsir va tahdidlardan asrash;

d) Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi (S.Sayyid) tomonidan:

katta isteʼdod va yuksak fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan keksa avlod vakillarining ijodiy salohiyati va mahoratidan yoshlarni keng bahramand etish;

yosh isteʼdod sohiblarini izlab topish, ularning iqtidorini roʻyobga chiqarish;

mumtoz adabiyotimizni, buyuk namoyandalarning asarlarini yoshlarga yanada yaqinlashtirish;

yoshlar, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar bilan “Doʻrmon”, “Parkent” va “Zomin” ijod uylarida taniqli yozuvchilar, shoirlar ishtirokidagi uchrashuvlarni tashkil etish;

mahallalar, taʼlim muassasalarida yoshlar, shu jumladan, paralimpiyachilar ishtirokida muntazam maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish, shuningdek, ijodiy uchrashuvlar tashkil etish;

ye) “Nuroniy” jamgʻarmasi (S.Turdiyev) tomonidan:

oqsoqollar, keksa yoshdagi mahalla faollarini yoshlarni Vatanga muhabbat, keksalarni eʼzozlash, ezgulik va rahmdillik singari xalqimizning koʻp asrlik anʼanalarini hurmat qilish ruhida tarbiyalashga yoʻnaltirilgan ijtimoiy faoliyatga jalb etish;

fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda yoshlarni ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ularning birinchi navbatdagi ehtiyojlari qondirilishida har tomonlama yordam berish;

taniqli keksa yozuvchilar, artistlar, xonandalar, sport faxriylari, rassomlar va ijodkor ziyolilarning boshqa vakillarini taklif etgan holda yoshlar oʻrtasida ijodiy kechalar tashkil etish;

j) Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.Koʻchimov) tomonidan:

yoshlar, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar va paralimpiyachilarning ibratli hayot yoʻllari va qiyinchiliklarni qanday yengib oʻtganliklari hamda gʻalaba qozonganligi haqidagi uchrashuv va suhbatlarni keng yoritish;

mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish va tematik teleradiodasturlar tayyorlash;

paralimpiya sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston chempionati (kubogi), mamlakatimizda oʻtkaziladigan nufuzli xalqaro musobaqalar (turnirlar)ni ommaviy axborot vositalarida yoritib borish.

8. Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, Toshkent shahar hokimligi, Transport vazirligi va Sportni rivojlantirish vazirligining:

Toshkent shahri, A.Qodiriy koʻchasida joylashgan piyodalar yurish va dam olish maskanida Paralimpiyachilar bogʻini tashkil etish;

Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan bekatlaridan biriga “Paralimpiya harakati”nomini berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

9. Belgilab qoʻyilsinki, Matonat maktabi boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini dunyo mamlakatlariga targʻib etish maqsadida 2023-yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba Toshkent shahrida “Paralimpiyachilar matonati” xalqaro forumi oʻtkaziladi.

10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

2022-yil 1-iyuldan boshlab tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari hisobida turgan 10-35 yoshdagi nogironligi boʻlgan shaxslar hamda fuqarolarning murojaatiga koʻra nogironlik guruhi belgilangan sportchilar haqidagi maʼlumotlar har chorakda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasiga taqdim etiladi;

2023-yil 1-yanvardan boshlab tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari xulosalari asosida nogironlik guruhi belgilangan barcha 10-35 yoshdagi shaxslarning elektron maʼlumotlari har chorakda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasiga yuboriladi;

Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari xulosalari asosida nogironlik guruhi belgilangan 10-35 yoshdagi shaxslarni paralimpiya sport turlariga yoʻnaltirish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirib boradi.

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov) Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (M.Tashxodjayev) zimmasiga mazkur bandda belgilangan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va samarali tashkil qilish boʻyicha shaxsiy masʼuliyat yuklatilsin.

11. Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida taʼlim muassasalari mavjud boʻlgan vazirlik va idoralar Matonat maktabi bilan hamkorlikda quyidagilarni 2022/2023 oʻquv yili boshlanishiga qadar amalga oshirsin:

taʼlim jarayonida sogʻlom oʻquvchi va talabalar bilan bir qatorda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan oʻquvchi va talabalarning aqliy hamda ijtimoiy salohiyatlarini rivojlantirish;

rivojlanishning turli imkoniyatlariga ega boʻlgan oʻquvchi va talabalar uchun har qanday kamsitilishni istisno qiladigan, barcha oʻquvchi va talabalarga teng munosabatda boʻlishni taʼminlaydigan yagona moslashtirilgan ijtimoiy muhitni yaratish;

jamoatchilik hamda taʼlim jarayonining barcha ishtirokchilarida alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan oʻquvchi va talabalar muammolariga nisbatan bagʻrikenglik munosabatini shakllantirish;

Madaniyat vazirligi bilan birgalikda oʻquvchi va talabalarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ularning qiziqishlarini inobatga olgan holda musiqa, rassomchilik, tasviriy sanʼat, kulolchilik va boshqa toʻgaraklarni tashkil etish.

12. Xalq taʼlimi vazirligi (B.Saidov), Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) tasarrufidagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar), “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, shuningdek, nogironligi boʻlgan bolalar uchun “Muruvvat” internat uylarida paralimpiya sport turlari, shu jumladan, parastol tennisi, paradzyudo, golbol, 5x5 futbol, parayengil atletika, bochcha, parapauerlifting, paraqilichbozlik sport turlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratsin hamda ularni zaruriy sport jihozlari va formalari bilan taʼminlasin.

13. Quyidagilar:

Xalq taʼlimi vazirligi (B.Saidov), Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) tasarrufidagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar), “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari uchun sport jihozlari va formalarini xarid qilish maqsadida vazirlikka ajratilgan byudjet mablagʻlarining iqtisod qilingan qismidan yil yakuniga qadar 2 milliard soʻmgacha;

Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) “Muruvvat” internat uylari uchun sport jihozlari va formalarini xarid qilish maqsadida vazirlikka ajratilgan byudjet mablagʻlarining iqtisod qilingan qismidan yil yakuniga qadar 1 milliard soʻmgacha yoʻnaltirsin.

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) 2023-yildagi Davlat byudjetining parametrlarini shakllantirishda mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun 3 milliard soʻmdan kam boʻlmagan mablagʻlarni nazarda tutsin.

Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) Xalq taʼlimi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar), “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari hamda “Muruvvat” internat uylaridagi nogironligi boʻlgan bolalarni doimiy ravishda hududlardagisport-taʼlim muassasalarida (sport maktablari, Olimpiya va Paralimpiya kollejlari va boshqalar) belgilangan parasport turlariga jalb qilish choralarini koʻrsin.

14. Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi Matonat maktabining samarali faoliyat olib borishi uchun yetarli sharoit hamda multimedia mahsulotlari, adabiyotlar, buklet, banner va boshqa kreativ targʻib qiluvchi materiallar bilan taʼminlasin.

15. Xalq taʼlimi vazirligi (B.Saidov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.Toshkulov), Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) hamda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (M.Tashxodjayev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Paralimpiya oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarning taʼlim olgan muassasalarida “Matonatli sportchilarimiz – faxrimiz” xonalarini tashkil etsin.

16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

Matonat maktabi ishchi guruhlarining hududlarda samarali faoliyat olib borishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish;

Matonat maktabi tomonidan amalga oshiriladigan targʻibot-tashviqot ishlarini manzilli tashkil etish va tadbirlarni yuqorisaviyada oʻtkazish;

tuman (shahar)lar tarixiy muzeylarida Paralimpiya, Paraosiyo oʻyinlarida ishtirok etgan sportchilarga bagʻishlangan ekspozitsiyalar tashkil etish choralarini koʻrsin.

17. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) mazkur qarorda belgilangan Matonat maktabi faoliyatinitashkil qilish bilan bogʻliq zarur mablagʻlarni 2022-yil respublika byudjetida koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida, 2023-yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutishni taʼminlasin.

18. Matonat maktabi Toshkent shahri, Beshyogʻoch koʻchasi, 126-uy manzili boʻyicha joylashtirilsin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-maydagi “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–5114-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib mudofaa vaziri B.N.Kurbanov, sportni rivojlantirish vaziri A.I.Ikramov hamdaOʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi M.M.Tashxodjayev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2022-yil 6-iyun