Parij-2024 olimpiadasiga bokschilar qanday saralab olinadi?

    Sport 10 Sentabr 2022 1123

    Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi Parij-2024 olimpiadasining boks musobaqalari uchun saralash bosqichining yangi koʻrinishini ishlab chiqdi.

    Joriy yilning iyun oyida XOQ Parij-2024ning boks bahslari uchun saralash musobaqalari IBA (Xalqaro boks federatsiyasi) vakolati ostida oʻtkazilmasligini eʼlon qilgan edi.

    Kecha, 8-sentyabr kuni Lozannadagi yigʻilishda Parijdagi yozgi Olimpiada oʻyinlari saralash tizimining yangi modeli qabul qilingani eʼlon qilindi, deya xabar beradi Sportni rivojlantirish vazirligi axborot xizmati.

    XOQ hamda boks mutaxassislari hamkorligida ishlab chiqilgan ushbu tizimga koʻra, Olimpiya saralash turnirlarining asosini XOQ tasarrufidagi mintaqaviy kompleks musobaqalar tashkil etadi hamda oʻsha turnirlarning boks bahslari uchun javobgarlik IBA zimmasiga yuklanmaydi.

    2023-yilda boʻlib oʻtadigan Pan Amerika oʻyinlari (Santyago, Chili), Yevropa oʻyinlari (Krakov, Polsha), Tinch okeani oʻyinlari (Solomon orollari) hamda XIX yozgi Osiyo oʻyinlari (Xanchjou, Xitoy) kabi turnirlar shular jumlasidan.

    Shuningdek, XOQ rasmiylari Afrika Milliy olimpiya qoʻmitalari assotsiatsiyasi bilan 2023-yilgi Afrika oʻyinlarining boks musobaqalarini ham mazkur dastur doirasiga qoʻshish borasida muzokaralar olib boryapti.

    Lozannadagi yigʻilishda yuqorida sanab oʻtilgan kontinental musobaqalardan tashqari 2024-yilda ikkita jahon saralash turnirini oʻtkazish boʻyicha ham dastur ishlab chiqilayotganligi maʼlum qilingan.

    Parij-2024 boks musobaqalariga tayyorgarlik koʻrish, saralash musobaqalarni tashkil etish hamda olimpiadadagi boks bahslarini nazorat qilish komissiyasiga XOQ aʼzosi, Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti Maurinari Vatanabe rahbarlik qiladi.

    Maʼlumot uchun: 2028-yili Los-Anjeles (AQSH) shahrida oʻtkaziladigan Olimpiya oʻyinlari dasturlaridan boks chiqarib tashlandi. Shu bois Parij-2024 boks musobaqasi oʻtkaziladigan soʻnggi Olimpiya oʻyinlari boʻlishi ham mumkin.