Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O'zbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasi hamda Yevropa rivojlanish va xavfsizlik instituti (IPSE) hamkorligida tashkil etildi.
Davra suhbatida O'zbekiston va Fransiyaning yetakchi tahlil markazlari vakillari, diplomatlar, siyosatchilar hamda Yevropaning turli mamlakatlaridan 40 ga yaqin xalqaro ekspertlar qatnashdi.
O'zbekistonning Fransiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Nodir G'aniyev kirish so'zida so'nggi yillarda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishlari haqida to'xtaldi.
Xalqaro tadbirda, shuningdek, O'zbekiston ekspertlar hamjamiyatidan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Tashqi siyosiy tadqiqotlar markazi rahbarlari va yetakchi tahlilchilari ma'ruza qilishdi.
Jumladan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov o'z nutqida O'zbekiston va Fransiya o'rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, “O'zbekiston-Yevropa Ittifoqi” formatidagi hamkorlik to'g'risida ma'lumot berib, turli sohalardagi o'zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirishning asosiy yo'nalishlari bilan bog'liq masalalarni yoritib berdi.
Shuningdek, tadbir davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov bugungi kunda Markaziy Osiyoda kechayotgan mintaqaviy hamkorlik va integratsiyaning rivojlanishi, xususan, mintaqaviy hamkorlik institutsionallashuvining istiqbollari hamda “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi ko'p tomonlama hamkorlik masalalariga to'xtaldi.
O'z navbatida, Fransiya tomoni O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga katta qiziqish bildirib, Yevropa Ittifoqi va unga a'zo davlatlar uchun mamlakatimiz bilan hamkorlikni yanada jadallashtirish muhimligini ta'kidladi.
Jumladan, Yevropa rivojlanish va xavfsizlik instituti direktori E.Dyupyui O'zbekiston Fransiyaning Markaziy Osiyodagi muhim hamkori ekanligini va ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik jadal rivojlanib borayotganligiga e'tibor qaratdi. IPSE rahbarining so'zlariga ko'ra, O'zbekistonda so'nggi yillarda ijobiy o'zgarishlar kuzatilmoqda, mamlakat ochiq va muvozanatli tashqi siyosat yuritmoqda hamda Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashda muhim rol o'ynamoqda.
Davra suhbatida O'zbekistonda yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya jarayonlari, shuningdek, davlatimizning mintaqada barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan pragmatik va konstruktiv tashqi siyosati yuqori baholandi.
Tadbir yakunida Fransiya va Yevropaning boshqa mamlakatlaridan tashrif buyurgan siyosiy va iqtisodiy doiralari vakillari O'zbekistonning yetakchi tahlil markazlari va ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati