Suhbatdoshning maʼlum qilishicha, joriy yil 31-iyul sanasidan 24-avgustga qadar “Raid Orion Revival Paris-Samarqand 2022” loyihasi boʻyicha mototsikllarda sayohat qilish turnesi rejalashtirilgan.
“Raid Orion Revival” mototsiklda sayohat qilish loyihasi ilk bor 1972-yili Parij-Isfaxon (Eron) yoʻnalishida tashkil etilgan. Undan koʻzlangan maqsad mototsiklda sayohatni tashkil etish va mamlakatlar sayyohlik salohiyati va madaniyati bilan tanishishdan iborat.
Ayni paytda bu sayohat uchun 38 ta mototsikl roʻyxatdan oʻtgan, 54 nafar kishi unda ishtirok etadi. Sayohat dasturiga muvofiq, ishtirokchilar 31-iyul kuni Parij shahridan oʻz yurishini boshlaydi (Shveysariya – Avstriya – Sloveniya – Xorvatiya – Bosniya - Albaniya – Gretsiya – Turkiya – Gruziya – Rossiya – Qozogʻistonni kesib oʻtish rejalashtirilgan), 19-avgust sanasida Qozogʻistondan Oʻzbekiston hududiga (Nukus shahri) kiriladi. Loyiha 21 bosqichdan iborat boʻlib, mototsiklda bosib oʻtiladigan umumiy masofa 9 ming kilometrni tashkil etadi.
Paskal Rostagni Oʻzbekiston hududida moʻljallangan dastur toʻgʻrisida toʻxtalar ekan, motosayyohlar Nukus – Xiva – Buxoro – Samarqand yoʻnalishi boʻylab harakatlanishini bildirdi.
Uning aytishicha, 2019-yilda ikkinchi marotaba tashkil etilgan Parij-Isfaxon turnesidan soʻng koʻplab ishtirokchilardan Oʻzbekistonga sayohat qilish boʻyicha takliflar kelib tushgan. Shuni inobatga olib, uyushma aʼzolari 2022-yilgi sayohat uchun Oʻzbekistonni markaziy davlat sifatida tanlagan. Bundan tashqari, ushbu motosafarning 50 yilligi aynan Samarqand shahrida nishonlanishini ishtirokchilar katta qiziqish bilan kutayotganligi ham maʼlum qilindi.
Yana bir muhim jihat. Transport sohasiga ixtisoslashgan qator nashrlar mazkur motosayohat toʻgʻrisida rang-barang maqolalar chop etishni rejalashtirgan. Shuningdek, loyiha yakuni boʻyicha Yevropaning qator telekanallarida namoyish etish uchun film suratga olish ham moʻljallanmoqda. Tashkilotning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga esa har kunlik maʼlumotlar joylashtirib boriladi.
Oʻzbekistonda mazkur motosayohatning amalga oshirilishiga bogʻliq tashkiliy jihatlarni muhokama etish maqsadida Paskal Rostagni joriy yil 9-11-mart kunlari Oʻzbekistonga safar qilishini maʼlum qilar ekan, safar davomida respublikamizning tegishli idoralari vakillari bilan uchrashish niyatida ekanini aytdi.