Parkent tumani Zarkent qishlogʻida “Somsa sayli” bayram tadbirlari davom etmoqda

    “Somsa sayli” 20-maygacha davom etadi.

    Toshkent viloyati Parkent tumani Zarkent qishlogʻida joriy yilning 20-aprelidan 20-mayigacha oʻtkazilishi belgilangan “Somsa sayli” bayram tadbirlari davom etmoqda.

    25-aprel kuni ham soʻlim Zarkent kengliklarida oʻtkazilayotgan saylda folklor jamoalarning chiqishlari, koʻngilochar va taniqli estrada xonandalarining konsert dasturlari namoyishi tashkil etildi. Kurash, shaxmat, shashka musobaqalari, xalq oʻyinlari va koʻrgazmalar tashkil etildi. Parkent tumanidagi qator qishloqlarga bugungi kunda turizm qishlogʻi maqomi berilib, bu orqali sayyohlarni yurtimizning chekka, bahavo goʻshalariga chorlash va jalb qilish koʻzda tutilgan.

    Shuningdek, bayram tadbirlari oʻtkaziladigan maydonda bolalar uchun maxsus oʻyingohlar ham tashkil etilgan boʻlib, bu ularning sevimli manziliga aylanishi uchun muhim omil boʻlmoqda.

    Eng asosiysi, mehmonlar Parkentning “tashrif qogʻozi”ga aylangan “Mador somsa” hamda “Soʻqoq shashlik”lardan bahramand boʻlmoqda.

    Shu bilan birga qozonlarda halim, chuchvara va boshqa milliy taomlar ham tayyorlanmoqda.

    “Somsa sayli” 20-maygacha davom etadi.

    Hakimjon Yo'ldoshev olgan suratlar.