Dastlab ishtirokchilar “Bog'bon” mahalla fuqarolar yig'inidagi Kultepa mahallasida bo'lib, Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrda e'lon qilingan “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo'jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosi asosida qir-adirlar bag'rida dehqonchilik qilayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi. Tumanda meva-sabzavotchilik, uzumchilik va oilaviy tadbirkorlik sohasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Toshkent viloyatidagi tuman va shahar Davlat xizmatlari markazlari orqali 50 mingdan ortiq fuqarolarga elektron raqamli imzo (eRI) kalitlari berildi. “E-AUKSION” elektron savdo platformasining ochiq elektron tanlovida qatnashgan fuqarolar tomonidan 5 ming 321 ta dehqon xo'jaligi tashkil etildi.
Xalqaro media-tur davomida tuman adliya bo'limi Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan “Kumushkon” MFY hududidagi Kumushkon qishloq aholisining uzog'ini yaqin qilish maqsadida sayyor davlat xizmatlari ko'rsatildi. Qishloq aholisiga bir qator yo'nalishlar, jumladan, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, cuv tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olish, bolalarni davlat maktabgacha ta'lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha navbatga qo'yish uchun ariza berish, elektr tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olish bo'yicha davlat xizmatlaridan foydalanish bo'yicha 15 dan ziyod sayyor davlat xizmatlari ko'rsatildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash bo'yicha davlat xizmatlari ko'rsatishning ma'muriy reglamenti to'g'risida ham keng qamrovli huquqiy maslahatlar berildi. Tuman FHDYO bo'limi tomonidan 8 yildan buyon shar'iy nikohda yashab kelayotgan oilaning nikohi qonuniylashtirilib, 2 ta oilaning farzandlariga muddati o'tgan tug'ilganlik to'g'risida guvohnoma berildi.
Ayni kunda Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish maqsadida 800 dan ortiq mehmon uylari faoliyati yo'lga qo'yilgan bo'lib, ularning 56 tasi Kumushkon qishlog'ida. Jurnalistlar mehmon uylarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
— Bugun O'zbekiston o'zining ko'plab tarixiy-me'moriy yodgorliklari, turfa xil iqlimi va tez sur'atlarda rivojlanayotgan turistik salohiyati bilan butun dunyo diqqatini o'ziga tortmoqda, — deydi Xitoy ning “Sin`xua” axborot agentligi muxbiri TSay Godun. — Mamlakatingiz Buyuk ipak yo'lining savdo, savdogarlar va sayohatchilar yo'lida joylashganligi sababli ham madaniyat, tarix, an'ana va ekzotik mamlakatlarga qiziquvchilar uchun maftunkor sayyohlik yo'nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bugungi media-tur davomida Parkent tumanining o'ziga xos tabiati, odamlari bilan tanishdik. Mehmon uylarida sayyohlarga yaratilgan qulayliklarni ko'rib, rosti, bu joydan ketgimiz kelmay qoldi. Baland tog'lar, go'zal tabiat, toza havo qo'ynida sayr qilish har qanday kishiga huzur bag'ishlaydi. Kumushkon qishlog'ida “Turizm qishlog'i” loyihasi asosida bu erda turizm jozibadorligini yanada yaxshilash bo'yicha keng ko'lamli obodonchilik ishlari va boshqa turizm ob'ektlarini tashkil etish bo'yicha ham ishlar amalga oshirilmoqda ekan.
Tadbirning keyingi manzili “Nomdanak” MFY hududida joylashgan “Zamona Rano” MCHJ bo'ldi. Ma'lumki, tog'larda o'suvchi turli xil shifobaxsh giyohlar ko'plab kasalliklarga davo bo'lib, davolovchi va quvvat beruvchi xususiyatlarga ega. Tadbir ishtirokchilari giyohlarning tayyorlanish va qadoqlanish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Media-tur davomida OAV xodimlari uchun matbuot anjumani ham tashkil etilib, boshqarma mas'ullari jurnalistlarning qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berishdi.
erkin Doripov,
Toshkent viloyati adliya boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha
etakchi maslahatchisi