Parkentda “Uzum sayli” xalqaro festivali boʻlib oʻtadi

    Shu yilning 23-24-avgust kunlari Parkent tumanida Toshkent viloyatining eno va agroturizm salohiyatini namoyon etish maqsadida “Uzum sayli” xalqaro festivali boʻlib oʻtadi.

    Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi xabar berdi.

    Turizm qoʻmitasi va Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida tashkil qilinayotgan tadbirning asosiy maqsadi — sayyohlar oqimini oshirish, uzumchilik va vinochilik yoʻnalishida tajriba almashinish, eno turizm mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish hamda xorijiy sarmoyalarni respublikaga jalb qilishga qaratilgan.

    Festivalda Respublikaning barcha viloyatlaridan fermer xoʻjaliklari, ekoturizm yoʻnalishidagi tadbirkorlar va turli xil tabiiy ichimliklar ishlab chiqaruvchi korxonalar ishtirok etadi.

    Tadbirda qishloq xoʻjaligi yarmarkalari, vino sanoatining xalqaro brend kompaniyalari koʻrgazmalari, uzumchilik yoʻnalishidagi xalqaro konferensiya va anjumanlar oʻtkaziladi.

    Festivalning madaniy qismidan esa milliy folklor jamoalari, estrada sanʼatkorlari chiqishlari, xalq urf-odatlari va anʼanalarini aks ettiruvchi keng koʻlamli madaniy dastur oʻrin olgan.

    Shu munosabat bilan, boʻlib oʻtadigan “Uzum sayli” xalqaro festivaliga turistik tashkilotlar, mehmonlar, sayyohlar va mahalliy aholi taklif etiladi.