Parkentdagi qurilishda avtokran qulab tushdi. Mashinist vafot etdi

    Tashvishli xabar 4 Fevral 2023 1816

    Ijtimoiy tarmoqlarda Parkent tumani Zarkent qishlogʻi Yozuvchilar uyushmasi ijod uyi oldida yangi yoʻl oʻtkazgich qurilishida ishlayotgan avtokran qulashi bilan bogʻliq video tarqaldi.

    Bu boʻyicha “Oʻzbekiston temir yoʻllari” munosabat bildirdi.

    Taʼkidlanishicha, avtokran temir-beton balkaning ogʻirligi 30,6 tonna boʻlgan ikkita kran yordamida montaj qilish vaqtida qulagan.

    Avtokran bilan yuz bergan baxtsiz hodisa yukni bir nechta kranlar bilan koʻtarish asosida amalga oshirilmagani sababli roʻy bergani aytiladi.

    Avtokranining ogʻib ketishi oqibatida avtokran mashinisti tan jarohatlari olgani sababli “Koʻprikqurilish tresti” UK qarashli “13-Koʻprikqurilish otryadi” xodimlari tomonidan Parkent tumani shifoxonasiga yotqizilgan. Ogʻir jarohatlar olgani sababli avtokran mashinisti shifoxonada vafot etgan.

    Taʼkidlanishicha, “Koʻprikqurilish tresti” UKga qarashli “13-Koʻprikqurilish otryadi” “QYL-YOʻL KOʻPRIK QURILISH TAʼMIR” MCHJ bilan shartnoma imzolagan. Ushbu hujjatda buyurtmachi tomonidan xizmat koʻrsatuvchi xodimlarini kunlik tibbiyot koʻrigidan oʻtkazishi va mehnat muhofazasi tadbirlarini oʻtkazish lozim boʻlgan band alohida koʻrsatib oʻtilgan.

    “QYL-YOʻL KOʻPRIK QURILISH TAʼMIR” MCHJ tomonidan shartnoma bandlariga rioya qilmagani, yaʼni muntazam ravishda xavfsizlik choralarini koʻrmagani sababli ushbu baxtsiz hodisa roʻy bergan», deyiladi maʼlumotda.

    Maʼlum qilinishicha, ikkita kran bilan bir vaqtning oʻzida yukni koʻtarish va koʻchirishga faqat quyidagi shartlar bajarilgan taqdirdagina ruxsat beriladi:

    • ikkala kranning mutlaq xizmat koʻrsatish qobiliyati va tormozlarning bir vaqtning oʻzida ishlashi;
    • kranlar mexanizmlari va har bir kranga tushadigan yuklarning tezligi, yuk koʻtarish qobiliyati mutanosibligi;
    • Agar yuk travers yordamida koʻtarilsa, u holda uning tashish qobiliyati koʻtarilayotgan yukning massasiga mos kelishi kerak.

    Kranlar teng koʻtarish qobiliyatiga ega boʻlganda, travers teng qulochli boʻlishi kerak, yaʼni yuk ilgagi uning oʻrtasida boʻlishi kerak.

    Rasmiy xabarga koʻra, Toshkent viloyati mehnat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan sodir boʻlgan baxtsiz hodisa yuzasidan maxsus tekshirish oʻtkaziladi va ular xulosalari huquq-tartibot organlariga taqdim etiladi.