Forum ishtirokchilari sessiyalar doirasida guruhlarga boʻlinib, mavzuga oid dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

Xususan, 5-sessiya ishtirokchilari parlament nazorati, BRM bajarilishini monitoring qilish va baholash masalasini koʻrib chiqdilar.

Sessiyani Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi raisi M.Xodjayeva, elchi, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi rahbari Sh.Adrian olib bordi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda BRMni amalga oshirish 2017-2021-yillarda milliy Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlarga toʻgʻri keldi.

Milliy BRMni kompleks, tarmoq va mintaqaviy rivojlantirish strategiyalari hamda dasturlariga integratsiyalash boʻyicha ish olib borilmoqda, islohotlar samaradorligi 23 ta global reyting (indeks), shu jumladan global BRM reytingi orqali nazorat qilinyapti.

Oʻzbekistonda valyuta va soliq, agrar islohotlar boshlandi, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik va rasmiy bandlikni ragʻbatlantirish, shu jumladan yoshlar va ayollar oʻrtasida ragʻbatlantirish, shuningdek investitsiyalar va innovatsiyalar jalb qilish boʻyicha choralar koʻrildi. Tashqi savdoni bosqichma-bosqich erkinlashtirish va JSTga aʼzo boʻlish ustida ish olib borilmoqda. Yoshlar va xotin-qizlar oʻrtasida barqaror bandlikni taʼminlash, shuningdek, ijtimoiy himoya tizimi samaradorligini oshirish masalalari dolzarb masala boʻlib qolyapti.

Barqaror rivojlanish maqsadlarini targʻib qilishda Oʻzbekistonda tashkil etilgan BRMni monitoring qilish boʻyicha Parlament komissiyasi, shuningdek, fuqarolik jamiyati, yoshlar va yetakchi milliy nodavlat notijorat tashkilotlari faol ishtirok etyapti, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Tadbirda quyidagi mavzular koʻrib chiqildi: “BRM bajarilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish milliy amaliyoti”, “BRM samarali bajarilishini monitoring qilish va baholash vositalari”, “BRMni amalga oshirishda parlament nazorati mexanizmlarini ishlab chiqish”, “BRMga erishishda parlamentning oʻzini oʻzi baholash usullari: Indoneziya tajribasi”, “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament roli – bu jahon amaliyoti”.