“Parlament oʻyinlari” sport musobaqasi va “Mahalla – besh tashabbus beshigi” koʻrik-tanlovini oʻtkazish muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 7 May 2022 1857

    Joriy yil 7-mayda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan Senat tashabbusi bilan oʻtkaziladigan koʻrik-tanlovlar boʻyicha seminar tashkil etildi.

    Unda xalq deputatlari mahalliy Kengashlar kotibiyatlari mudirlari, tegishli komissiya aʼzolari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, hokimliklarning yoshlar masalalari boʻyicha hokim oʻrinbosarlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Seminarda Senat tomonidan oʻtkazilayotgan Rais kubogi uchun “Parlament oʻyinlari” sport musobaqasi hamda “Mahalla – besh tashabbus beshigi” respublika koʻrik-tanlovini tashkil etish va oʻtkazish masalalari muhokama etildi.

    Taʼkidlanganidek, 2021-yili oʻtkazilgan “Parlament oʻyinlari” sport musobaqasi yuqori saviyada tashkil etilib, sportning minifutbol, voleybol, badminton va stol tennisi boʻyicha besh ming nafarga yaqin xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ishtirok etgan.

    “Mahalla – besh tashabbus beshigi” respublika koʻrik-tanlovining tuman va shaharlar bosqichida 1 035 ta, hududiy bosqichida esa 207 ta mahalla ishtirok etib, 62 500 nafardan ortiq yoshlarni qamrab olingani, final bosqichida esa 14 ta hududdan bittadan yoʻllanmani qoʻlga kiritgan mahallalarning 300 nafardan ortiq yoshlari ishtirok etgani, gʻolib mahallaga Prezident sovgʻasi “Damas” avtomobili sovgʻa qilingani taʼkidlandi.

    Shuningdek, har ikkala tanlov yurtdoshlarimizda katta qiziqish uygʻotganini inobatga olib, ularni har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib borish maqsadga muvofiq ekanligi qayd etildi.

    Seminar davomida ushbu tanlovlarni oʻtkazish jarayonida ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligini ham bildirildi. Xususan, tanlovlarning hududiy bosqichlari oʻz vaqtida oʻtkazilmagani, ushbu bosqich gʻoliblarini taqdirlash ishlari yetarlicha tashkil etilmagani, tanlovga doir hujjatlar talab darajasida taqdim qilinmagani kabi masalalar taʼkidlab oʻtildi.

    Ushbu muammolarni bu yil takrorlamaslik yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar masʼullariga tegishli tavsiyalar berildi.

    Seminardan soʻng Senat huzuridagi Yoshlar parlamentining tashkiliy masalasi ham koʻrib chiqildi. Jumladan, yangi nomzodlar koʻrib chiqilib, muhokamadan keyin Yoshlar parlamenti yangi aʼzolari tasdiqlandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.