Oqova suv tizimlarini yaxshilash boʻyicha xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan 5 ta loyiha doirasida 33 ta obyektning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, 226,4 milliard soʻmlik mablagʻ oʻzlashtirilganligi qayd etildi.
Hududiy laboratoriyalar uchun 8 357 ta maxsus jihoz hamda hududlardagi oqova suv tozalash inshootlariga tirik mikroorganizmlarga boy boʻlgan biologik va “Defekat” moddasi yetkazib berilgan.
Amalga oshirilagan ishlar bilan birga ayrim muammolar ham mavjudligi taʼkidlandi.
Xususan, sanoat korxonalarining oqova suvlar tarkibi ifloslanishi natijasida hosil boʻladigan, tozalash inshootlari ishlashining texnologik reglamentini buzadigan moddalar yuqori konsentratsiyada oqizilsa, ularning faoliyatini toʻxtatish tartibi huquqiy-meʼyoriy hujjatlarda belgilanmagan.
Sohani mutaxassislar bilan taʼminlashga yetarlicha eʼtibor qaratilmagan. Jumladan, oliy taʼlim muassasalarida soha boʻyicha yetuk mutaxassislar va malakali kadrlar tayyorlaydigan yoʻnalishlar mavjud emas. Natijada oqova suv tozalash inshootlarini loyihalashtirish, qurish, ekspluatatsiya qilish va uning tarkibini aniqlashda muammolar yuzaga kelyapti.
Uy-joy mulkdorlari va uy-joydan foydalanuvchilar tomonidan ichimlik va oqova suv xizmatlari toʻlovi oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha yetarli choralar koʻrilmaganligi qayd etildi.
Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi hamda ushbu masala parlament nazoratida qoldirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.