2022-yil 9-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majilisi Raisi Yerlan Koshanov bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majilisi Raisi mehmonni samimiy qutlar ekan, ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Uchrashuv chogʻida azaliy qardosh oʻzbek va qozoq xalqlarining oʻtmishi va buguni, orzu-niyatlari hamda intilishlari oʻxshash ekani, bunda ikki davlatning oʻzaro ishonch, yaqin doʻstona munosabatlarga asoslangan hamkorligi muhim rol oʻynayotgani alohida taʼkidlandi.
Mamlakatlarimiz Prezidentlarining doimiy tarzda amalga oshirilayotgan oʻzaro tashriflari, samimiy uchrashuv va muloqotlari xalqlarimizning vaqt sinovidan oʻtgan doʻstona munosabatlariga yangicha ruh bagʻishlab kelyapti
Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majilisi Raisi strategik mamlakatlar oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 30 yil toʻlgani, barcha sohalardagi hamkorlikni barqaror rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratilganini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov Oʻzbekiston-Qozogʻiston ittifoqchilik munosabatlari va integratsiya aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlashga qoʻshgan hissasini qadrlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov hamda Qozogʻiston Respublikasi parlamenti Majilisi raisi Ye.Koshanov parlamentlararo hamkorlik Kengashini tashkil etish toʻgʻrisida bitim imzoladi.
Konstruktiv va oʻzaro ishonch ruhida oʻtgan uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston-Qozogʻiston oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish va uni yangi mazmun bilan boyitish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.