Parlamentlararo hamkorlikning muhim jihatlari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 5 Dekabr 2023 871

    Joriy yil 4-dekabrda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Ostona shahriga amaliy tashrifi doirasida Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev hamda Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majilisi Raisi Yerlan Koshanov bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

    Oʻzbekiston va Qozogʻiston munosabatlarida parlamentlararo hamkorlik muhim oʻrin tutadi. Shu bois ikki mamlakat vakillari doimiy ravishda oʻzaro muloqot olib boradi.

    Bu galgi uchrashuvlarda ham hamkorlikning muhim jihatlari yana bir bor muhokama etildi.

    Xususan, davlatlarimiz oʻrtasida yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni huquqiy jihatdan taʼminlash uchun qonun ijodkorligiga eʼtibor qaratish hamda parlament nazorati doirasida ularning ijrosini taʼminlashga koʻmaklashishga kelishib olindi.

    Maʼlumki, Markaziy Osiyo mamlakatlari barcha sohalarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratib kelyapti. Shu jumladan, parlament yoʻnalishida ham. Shu nuqtayi nazardan 2024-yilda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo davlatlarining parlamentlararo forumi yuzasidan fikr almashildi.

    Qozogʻiston Parlamenti vakillari Toshkentda 30-noyabrda oʻtkazilgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlik boʻyicha II Global forum natijalarini yuqori baholadi.

    Tomonlar qoʻshma tashabbuslarni ilgari surish amaliyotini davom ettirish, shuningdek, xalqaro parlament tuzilmalari va bir qator boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlashga kelishib oldi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.